Imkoniyati cheklanganlar uchun cheksiz imkoniyatlar (+video)
Avval xabar qilganimizdek, 12–13-may kunlari poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida an’anaviy “INSON UCHUN 2026” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirning ikkinchi kunida ham bu yerga keluvchilarning keti uzilmadi. Chunki, festival dasturi xilma-xil bo‘lib, tashrif buyuruvchilar ayniqsa yoshlar katta hayotga qadam qo‘yar ekanlar - bu ularning kelajaklari uchun motivatsiya, bilim va ko‘nikma olishlari hamda o‘ylagan rejalarini amalga oshirishlariga muhim platforma bo‘lishi mumkin. Zero, ushbu tadbir davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, biznes vakillari, ijtimoiy tadbirkorlar, NNTlar, ta’lim muassasalari, ish beruvchilar, hunarmandlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtiradi.
Festival doirasida bolalik davridagi ilk rivojlanishdan boshlab ta’lim, kasb-hunar, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda faol ishtirok etishgacha bo‘lgan jarayonlar o‘rin olgan. Alohida e’tibor nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, talabalar va ehtiyojmand qatlamlar uchun keng imkon yaratishga qaratildi.
Yana bir e’tiborli tomoni festivalda 130 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy korxonalar faol qatnashmoqda. Ularning ko‘pchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan mahsulotlar ishlab chiqariladi va bugungi festival aynan ularning mahsulotlariga mijozlar topishga, yangi shartnomalar imzolanishiga va yana minglab ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Mahalliy tadbirkorlarimiz imkoniyati cheklangan insonlar uchun maksimal qulaylik yaratish uchun harakat qilganlar.
Festival tashkilotchilarining ta’kidlashicha unda 100 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari, stajirovka va professional rivojlanish imkoniyatlari taqdim etildi. Hududga tashrif buyuruvchilar ta’lim, kasbiy rivojlanish, ijtimoiy xizmatlar, inklyuziv bandlik hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy tashabbuslar bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, bolalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ta’lim jarayonini barcha uchun tushunarli va qulay tashkil etish bo‘yicha yangi usullar taqdim etildi. Masalan, bolajonlar bu yerda guldasta yasash, robototexnika imkoniyatlari, dasturxon bezash, tikuvchilik kabi o‘nlab daromadli kasblarni boshlash sirlarini bilib oldilar. Xullas ishtirokchilar muvaffaqiyatli kasbiy rivojlanishning asosiy bosqichlarini amaliy shaklda o‘rgandilar.
Turli interaktiv o‘yinlar orqali bilim va ko‘nikmalar berilishi barobarida ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bir qator loyihalar namoyish qilindi. Albatta bu festival nafaqat ko‘rgazma, balki ochiq muloqot, tajriba almashish va yangi hamkorliklarni shakllantirish maydoni hamdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/5A6oLIeq2zE?si=BX-cCa7VfmxLotSW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA