Imkoniyati cheklangan shaxslar imkonsiz emas
Yurtimizda imkoniyati cheklangan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, teng huquqlilik tamoyillariga asosan jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘zlari tanlagan kasblar bo‘yicha mehnat qilishi uchun yetarli sharoit yaratilmoqda. Chunki, bunday shaxslarning huquqlari Bosh qomusimizning 50-moddasida alohida qayd etilgan bo‘lib, “davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi”.
Amalda ham bu borada samarali ishlar yo‘lga qo‘yilganligi jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabida bugungi kunda 246 nafar o‘g‘il-qiz kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Ushbu maktab Samarqand viloyati bilan birga Jizzax, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodagi maktab-internatlarda tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan yoshlar uchun kasb-hunar o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan. Ular maktab-internatning 9-sinfini bitirgach, kasb-hunar o‘rganishni istasa, mazkur maktabda o‘qishi mumkin. Muassasada 170 o‘rinli o‘quvchi turarjoyi mavjud.
[gallery-14840]
– Bugungi kunda maktabimizda o‘quvchilar tikuvchilik, duradgorlik, maishiy texnik vositalarini ta’mirlash, mebel, poyabzal ishlab chiqarish, dasturiy apparatlar sozlovchisi kabi mutaxassisliklarni o‘rganishadi, – deydi Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi direktori A.Bo‘ltakov. – Ularga 13 nafar fan o‘qituvchisi, 15 nafar ishlab chiqarish ta’lim ustasi saboq beradi. O‘quvchilar kasb-hunarni yaxshi o‘rganishi uchun tumanimizdagi o‘ndan ortiq korxonada amaliyot o‘tashadi. Bu davrda ularga hatto ish haqi ham to‘lanadi. O‘z mutaxassisligini yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilar maktabni bitirgach, shu korxonalarda ishlaydi. O‘tgan yil bitiruvchilarimizning 15 nafari shu tarzda ish bilan ta’minlandi.
Kasb-hunar maktabida tayanch harakatida, shuningdek, olegfreniya tashxisi, olegfreniya nutq buzilishi va kar-soqovligi bor I va II guruh nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar tahsil oladi. Ularning asosiy o‘quv dasturlaridan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida kasb-hunar maktabida 36 ta fan, kasbiy hamda sport to‘garaklari tashkil qilingan.
Maktabda o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy hordiq chiqarishini ta’minlashga alohida e’tibor bilan yondashilmoqda. Maktabda viloyat teatrlari, muzeylar, tarixiy obidalar ma’muriyati bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har hafta o‘quvchilar teatr, muzey yoki biror bir tarixiy obidaga sayohat qiladi. Bundan tashqari, 4500 dan ortiq adabiyotga ega kutubxona ham o‘quvchilar xizmatida. Ular bu yerda har kuni audio adabiyotlarni tinglab, mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/p8_3BbThNJo" title="Imkoniyatini cheklangan shaxslar imkonsiz emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat),
O‘zA muxbirlari