Imkoniyati cheklangan insonlarga ko‘mak berildi
Nurafshon shahridagi "Tong" madaniyat markazida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan "Bor mehrimiz sizga" shiori ostida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Unda hududda yashovchi 120 nafar imkoniyati cheklangan insonga ijtimoiy ko‘mak berildi. Dastlab ular uchun shahar madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak va Nurafshon shahar hokimi o‘rinbosari Nasiba Qulbekova, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillari so‘zga chiqib, o‘zlarining iliq tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng nogironligi bor shaxslarga turli ortopedik jihozlar, xususan, maxsus aravacha, eshitish moslamalari, ko‘zi ojizlarga esa hassa va yurish moslamalari taqdim etildi.
Degantepa mahallasida yashovchi Madiyor Abdurasulov 10 yoshda. U II guruh nogironi bo‘lishiga qaramay sportning baydarka turi bilan shug‘ullanadi. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Tadbirda bu bolakayga ham yangi nogironlar aravachasi sovg‘a qilindi.

– Orzuim Olimpiada chempioni bo‘lish,– deydi M. Abdurasulov. – Buning uchun sport bilan muntazam shug‘ullanyapman. Oilada to‘ng‘ich farzandman. Uy sharoitida maktab darslariga qatnashaman. Ukalarim bilan birga dars tayyorlaymiz.
Hozir Nurafshon shahrida yashovchi 54 mingdan ziyod aholining 1 ming 700 dan ziyodi nogironligi bo‘lgan insonlardir. Ularga yil davomida belgilangan tartibda ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Uyda yotib qolgan, boquvchisi yo‘q shaxslarning holidan muntazam xabar olinadi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri