Imkoniyat, tashabbus va taraqqiyot
«Turkiston» saroyi yonida o‘rnatilgan oppoq o‘tov ko‘pchilikning e’tiborini tortdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning ichida bir oilaning hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar muhayyo.
«Turkiston» saroyi yonida o‘rnatilgan oppoq o‘tov ko‘pchilikning e’tiborini tortdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning ichida bir oilaning hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar muhayyo.– Chimboy tumanida o‘tov yasaydigan uchinchi avlod vakiliman, – deydi "Tashabbus – 2017" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi ishtirokchisi, hunarmand Azamat Turekeyev. – Kigiz uyning suyagi bir-biriga chevar va hunarmandlar tikkan chiroyli naqshlar hamda "bau basqurlar", "tang‘ish" deya ataluvchi bog‘lar orqali biriktiriladi. Uning atrofi qora tol, tepasi esa oq tol yog‘ochidan bo‘lib, bitta o‘tov qurish uchun qariyb ikki oy vaqt sarflanadi. Uyning tashqi jihozlari quyosh nurini, yomg‘ir suvini o‘tkazmay, issiqlikni bir me’yorda saqlaydi.
Bugun poytaxtimizda boshlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida bu kabi ko‘plab qiziqarli eksponatlarni ko‘rish mumkin. Saroy foyyesida turli-tuman ishlanmalar, mahsulotlar, milliy liboslar, pishiriqlar namoyish etilmoqda.
Qator vazirlik va idoralar hamkorligi va moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, "Hunarmand" uyushmasi ishtirokida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 14 tadbirkor, 14 hunarmand va 13 fermer ishtirok etmoqda. Ularga "Tashabbus – 2017" ko‘rik-tanlovining tashkiliy qo‘mitasi nomzod diplomi, ishtirokchi ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak " nomli kitobi va sovg‘alar topshirdi.
Bu yilgi tanlov ishtirokchilari orasida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan, iqtisodiyotning turli yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va hunarmandlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Fermerlik yo‘nalishi yutuqlarini esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli xo‘jaliklar taqdim etmoqda.
Navoiy viloyatidagi «Azim ota» fermer xo‘jaligi birinchi chorakda Hindistonga 60 tonna mosh eksport qildi. Yil oxiriga qadar yana 180 tonna mosh yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Qorako‘l terilari va qo‘y junini eksportga chiqarish borasida kelishuvlar mavjud. Xo‘jalik dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik bilan bir qatorda ulgurji savdo, qurilish-montaj ishlarini bajarish bilan ham shug‘ullanadi.
– Hozir 300 tonnalik muzlatkich qurish ishlari davom etmoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Ilhom Samiyev. – 5 gektar bog‘ yaratdik. Endi shu bog‘dagi va atrofdagi aholi tomorqalarida yetishtirilgan mevalarni quritish va qadoqlab eksport qilish maqsadida zamonaviy sex barpo etish taraddudini ko‘rayapmiz.
Tanlovning mamlakat bosqichi nomzodlari uchta asosiy – "Eng yaxshi tadbirkor", "Eng yaxshi fermer", "Eng yaxshi hunarmand" yo‘nalishida bahslashadi. "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori", "Eng yaxshi tadbirkor ayol", "Eng yaxshi innovatsion loyiha", "Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik", "Yilning eng yaxshi oziq-ovqat sanoati tadbirkori" kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. Bu yil Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida "O‘zining savdo belgilarini yo‘naltirish va yangi bozorlarni egallaganlik uchun", "Respublika ichki bozorlarida talab bo‘lgan yangi turdagi iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqqanlik uchun" nominatsiyalari ham tashkil etildi.
– Biz zamonaviy texnologiyalar asosida ipak qurti parvarishlab, pillani qayta ishlaymiz, – deydi "Buxoro brilliant silk" qo‘shma korxonasi rahbari Baxtiyor Jo‘rayev. – Atlas, krepdeshin, muslin, krep shifon kabi ellik xildagi matolarimizga xorijda xaridorlar ko‘p. O‘tgan yili Pokiston, Xitoy, Eron, Vetnamga qariyb 2 million 850 ming dollarlik miqdordagi ipak va ipak mahsulotlarini eksportga qildik.
Ko‘rgazma 17-may kuni yakunlanadi. 22-may kuni esa "Turkiston" saroyida "Tashabbus – 2017" g‘olib va sovrindorlarining nomlari e’lon qilinib, ularni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.