Imkoniyat berilsa, iqtidor chegara bilmaydi
Har qanday jamiyatning taraqqiyot darajasi avvalo inson qadriga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish, munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda iqtisodiy mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash insonparvar davlatning muhim mezonlaridan hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va ish bilan ta’minlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu borada qabul qilingan qonunlar, davlat dasturlari va ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar natijasida minglab fuqarolarning hayotida tub burilish yasaldi. Endi nogironlik insonning orzu-maqsadlari va kelajagi uchun to‘siq bo‘lolmaydi, chunki berilgan imkoniyatlar bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “Parvozplyusfayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday ezgu maqsadlarni amalda ro‘yobga chiqarayotgan ilg‘or korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ular uchun qulay va inklyuziv mehnat muhitini yaratish borasida namunaviy tajriba shakllantirmoqda.

Bugungi kunda mazkur korxonada 180 nafar xodim mehnat qilmoqda. E’tiborli jihati shundaki, Qorako‘l tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda 9 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs doimiy ish bilan ta’minlangan. Ularning 7 nafari eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolardir.
Korxona rahbariyati tomonidan mazkur xodimlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, surdotarjimon xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning xarajatlari uchun davlat tomonidan subsidiya mablag‘lari ajratilmoqda. Bu esa eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan xodimlarning mehnat jamoasi bilan erkin muloqot qilishi, ish jarayonlarida faol ishtirok etishi va o‘z qobiliyatini to‘liq namoyon etishiga xizmat qilmoqda.
Aslida, bunday tashabbuslarning ahamiyati faqat ish o‘rni yaratish bilan cheklanmaydi. Bu insonning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini tiklaydi, uning jamiyatdagi o‘rni va qadrini yanada mustahkamlaydi. Eng muhimi, mehnat orqali inson o‘zini jamiyatning teng huquqli va faol a’zosi sifatida his etadi.

Shunday insonlardan biri Kamola Zayniddinovadir. U “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magida mazkur korxonaga ishga joylashdi. Bugun esa o‘zining halol mehnati bilan nafaqat jamoa e’tiborini qozonmoqda, balki oilasi farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning hayot yo‘li mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning amaliy natijasini yaqqol namoyon etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatga integratsiyalashuvini kuchaytirish va turmush sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Shu bois mamlakatimizda bu yo‘nalish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Bugun O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv ta’lim, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, davlat tashkilotlari va ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan korxonalarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qorako‘ldagi “Parvozplyusfayz” korxonasi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, imkoniyat berilgan, mehr va e’tibor ko‘rsatilgan inson har qanday marrani zabt eta oladi. Jismoniy imkoniyatlardagi cheklov insonning qobiliyati, mehnatsevarligi va ezgu maqsadlari oldida ojizdir.
Bu kabi xayrli ishlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan siyosatning amaliy ifodasidir. Zero, Yangi O‘zbekistonda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Har bir insonning munosib hayot kechirishi, mehnat qilishi va o‘z orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shunday ezgu ishlar xalqimiz qalbida davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, mehr-oqibat va bag‘rikenglik qadriyatlarini yanada yuksaltirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri