Ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligi oshiriladi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan ilmiy kadrlar tayyorlash va ilmiy daraja berish tizimida bir qancha muhim o‘zgarishlar bo‘ldi.
Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Tadbirkorlik va korporativ huquq kafedrasi o‘qituvchisi Umida Bekmirzayeva quyidagilarni ma’lum qildi:
–So‘nggi yillarda dunyo iqtisodiyotida texnologik raqobat keskin kuchaydi. Sun’iy intellekt, biotexnologiya, yashil energetika, ma’lumotlar tahlili va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlar davlatlarning global raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillarga aylandi. Bunday sharoitda ilmiy salohiyatni kuchaytirish va ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash strategik zaruratga aylandi. O‘zbekistonda ham ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida qator tizimli muammolar mavjud edi.
Jumladan, doktorantura jarayonlarining ortiqcha ma’muriy talablar bilan tolib-toshgani, ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan sust bog‘langani, yosh olimlarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarining yetarli emasligi, ilmiy kengashlar faoliyatida samaradorlik mezonlarining cheklangani hamda xalqaro standartlarga mos ilmiy attestatsiya tizimining to‘liq shakllanmagani achinarli holat edi.
Mazkur farmon oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, doktorantura institutini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirish hamda innovatsion iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlashni maqsad qilgan.
Farmonning eng muhim jihati — ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini “formallik” modelidan “natijadorlik va innovatsiya” modeliga o‘tkazishga qaratilgani.
Hujjat quyidagi strategik maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Ilm-fanni iqtisodiyotning real sektori bilan integratsiya qilish, ustuvor ilmiy yo‘nalishlarga davlat resurslarini yo‘naltirish, doktorantlar xalqaro talablar asosida ilmiy ishlar yaratishlariga shart-sharoitlar yaratish, ilmiy faoliyatni raqamlashtirish, ilmiy rahbarlar va ilmiy kengashlar mas’uliyatini kuchaytirish hamda ilmiy natijalarning amaliy qiymatini oshirish masalalari shular jumlasidan.
Farmon “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan bevosita uyg‘un holda ishlab chiqilgani ham bu islohotlarning izchil va davomiy ekanini ko‘rsatadi.
Birinchi navbatda farmonda ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi. Ular orasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, atom va yashil energetika, biotexnologiya, agroinnovatsiyalar, iqlim o‘zgarishi, robototexnika, nanotexnologiyalar kabi strategik sohalar mavjud.
2026-yildan boshlab doktorantura qabulining kamida 60 foizi aynan ushbu ustuvor yo‘nalishlarga ajratilishi belgilandi. Bu yondashuv davlat ilmiy siyosati “ehtiyojga yo‘naltirilgan ilm-fan” modeliga o‘tkazilyotganini ko‘rsatadi.
Keyingi muhim o‘zgarish doktorantlarni moliyaviy rag‘batlantirish bo‘yicha ham yangi tizim joriy etildi.
Farmonning eng innovatsion jihatlaridan biri — “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturining joriy etilishi. Mazkur yondashuv ilmiy darajaga ega bo‘lish jarayonini faqat nazariy tadqiqot bilan cheklab qo‘ymasdan, uni real ilmiy va innovatsion loyihalar bilan bevosita bog‘lashni nazarda tutadi. Dasturga ko‘ra, doktorantlar ilmiy faoliyatini amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan tadqiqot loyihalari doirasida olib boradi, loyiha rahbari bir vaqtning o‘zida doktorantning ilmiy rahbari vazifasini ham bajaradi hamda dissertatsiya mavzusi va tadqiqot natijalari loyiha maqsadlari bilan uzviy bog‘lanadi. Natijada ilmiy izlanishlar faqat nazariy bilimlarni boyitishga emas, balki muayyan muammo yoki vazifaga yechim topishga ham xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi O‘zbekistonda doktorantura tizimini klassik akademik modeldan ilm-fan, innovatsiya va amaliyot integratsiyasiga asoslangan zamonaviy modelga o‘tkazish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanishi mumkin.
Shuningdek, farmon e’lon qilinganidan so‘ng jamoatchilik va akademik doiralarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri ilmiy kadrlar tayyorlash va attestatsiya qilish tizimidagi qator byurokratik talablarning qayta ko‘rib chiqilgani hamda ayrimlarining bekor qilinganidir.
Xususan, ayrim ustuvor ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha doktoranturaga qabul qilish kirish imtihoni o‘rniga ilmiy tadqiqot loyihasi taqdimoti asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Farmon bilan ilmiy daraja berish jarayonidagi qator ortiqcha ma’muriy va protsessual bosqichlar ham bekor qilinmoqda. Jumladan, chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon topshirish, dissertatsiya avtoreferatini chop etish, dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish, Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashlari tomonidan qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazish hamda ilmiy kengash qarorlarini OAK tomonidan yakuniy tasdiqlash kabi amaliyotlardan voz kechilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar ilmiy kadrlarni tanlash, tayyorlash va attestatsiya qilish jarayonida formal talablar va ortiqcha byurokratik mexanizmlardan ko‘ra ilmiy salohiyat, tadqiqot sifati, ilmiy yangilik va amaliy natijalarga ustuvor ahamiyat berishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Natijada doktoranturaga qabul qilish tizimida ham, ilmiy daraja berish jarayonida ham sifatga asoslangan tanlov mexanizmlari kuchayishi, ilmiy ishlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqarishi hamda tadqiqotchilarning asosiy e’tibori hujjatlashtirish jarayonlariga emas, ilmiy izlanishlar mazmuni va natijalariga qaratilishi kutilmoqda.
2027-yildan boshlab ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini baholashning reyting tizimi joriy etilishi ham farmonning muhim yangiliklaridan biri. Mazkur tizim ilmiy kengashlar faoliyatini faqat himoya qilingan dissertatsiyalar soni orqali emas, balki ularning sifati, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati nuqtai nazaridan baholashga qaratilgan.
Xususan, ilmiy kengashlar tomonidan ma’qullangan dissertatsiyalar mustaqil, jumladan xorijiy mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi, reyting natijalari esa ochiq elektron platformalarda e’lon qilib boriladi.
Shu bilan birga, faoliyati samarasiz deb topilgan ilmiy kengashlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llash, zarur hollarda ularning faoliyatini tugatish yoki ayrim qarorlarini bekor qilish vakolati Oliy attestatsiya komissiyasiga berilmoqda. Mazkur mexanizmlar ilmiy halollik, akademik mas’uliyat va sifat nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Umuman olganda, farmon O‘zbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilashga qaratilgan kompleks islohot hujjati sifatida tarixiy ahamiyatga ega. Hujjat ilm-fanni iqtisodiyotning real sektori bilan bog‘lash, doktorantura tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy attestatsiya jarayonlarini soddalashtirish hamda ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA