Ilk bor bir bemorga bir vaqtning o‘zida jigar va buyrak transplantatsiyasi bajarildi
Milliy tibbiyot markazida transplantologiya yo‘nalishida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘ta murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Markaz tarixida ilk bor bir bemorga bir vaqtning o‘zida jigar va buyrak transplantatsiyasi (Simultaneous Liver-Kidney Transplantation — SLKT) amalga oshirildi. Ushbu amaliyot dunyo transplantologiyasida eng murakkab operatsiyalar qatoriga kiradi.
Ma’lum qilinishicha, 51 yoshli bemor Milliy tibbiyot markaziga terminal bosqichdagi jigar va buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qilgan. Kasallik oqibatida unda qorin bo‘shlig‘ida katta hajmda suyuqlik to‘planishi (assit), kuchli shish sindromi va nafas yetishmovchiligi rivojlangan. Bemorning og‘ir ahvoli transplantologlar, nefrologlar, anesteziolog-reanimatologlar hamda boshqa turdosh soha mutaxassislari ishtirokidagi konsiliumda keng muhokama qilinib, hayotiy ko‘rsatmalar asosida bir vaqtning o‘zida ikki muhim a’zoni transplantatsiya qilish to‘g‘risida jiddiy qaror qabul qilingan.
O‘ta mas’uliyatli va murakkab jarrohlik amaliyoti taniqli transplantolog, tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov boshchiligidagi yuqori malakali tibbiyot jamoasi tomonidan amalga oshirildi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur tarixiy transplantatsiyada bemorning ikki nafar mehribon singlisi o‘z ixtiyori bilan donor sifatida ishtirok etdi. Xususan, 41 yoshli singil jigarining bir qismini, 28 yoshli singil esa o‘z buyraklaridan birini akasining hayotini saqlab qolish uchun taqdim etdi. Tirik donorlar ishtirokidagi bunday qo‘shma amaliyot donor va retsipiyentning immunologik mosligini aniq baholash, jarrohlik muolajasini yuqori aniqlikda bajarish hamda reanimatsion va laborator xizmatlarning o‘ta uyg‘un va uzluksiz hamkorligini qat’iy talab etadi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, jigar va buyrak transplantatsiyasini bir vaqtning o‘zida bajarish bemorning ikkita hayotiy muhim a’zosi faoliyatini bir yo‘la tiklash, ortiqcha jarrohlik sonini qisqartirish hamda uzoq muddatli davolash natijalarini keskin yaxshilash imkonini beradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA