"Ilhaq" endi rus tilida ham namoyish etiladi
Kinematografiya agentligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, "Ilxaq" badiiy filmi rus tiliga tarjima qilindi.
Ma’lumki, ushbu badiiy film Ikkinchi jahon urushi davrida ro‘y bergan hayotiy voqealarga asoslangan. Unda besh o‘g‘ilni o‘stirib, ularni urushda yo‘qotgan ona Zulfiya Zokirovaning dardi, alamli kechinmalari va azoblari tasvirlangan.
– O‘tgan yili xuddi shu vaqtda katta premerasi o‘tkazilgan "Ilhaq" filmi nafaqat o‘zbek kinomuxlislari, balki rusiyzabon tomoshabinlarda ham katta qiziqish uyg‘otgandi, – dedi film rejissyori Jahongir Ahmedov. – O‘shanda film ijodkorlari nomidan keyingi yilgacha filmning rus tilidagi variantini ham taqdim qilamiz, deb va’da bergan edik. Mana, filmning rus tilidagi varianti keng namoyishlarga tayyor. Yaqin kunlarda ingliz tilidagi subtitrli versiyasini ham taqdim qilamiz. "Ilhaq"ni nafaqat Vatanimizda, balki qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonda ham namoyish qilish niyatidamiz.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA