Ilg‘or texnologiyalar g‘allachilik klasterida muhim
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Paxtakor tumanidagi g‘allachilik klasteriga OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Maqsad, bu borada viloyatda olib borilayotgan amaliy ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat. Agrar sohada zamonaviy yondashuvlar asosida ishni tashkil etish, tizimga xorijning ilg‘or texnologiyalarini joriy qilish – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmini oshirish bilan bir qatorda mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib borishiga keng yo‘l ochadi. Ishtirokchilar dastlab, Paxtakor tumanidagi “Paxtakor oltin boshoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. G‘allachilik klasterida g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlash borasidagi imkoniyatlar bilan tanishdi.
Yaqinda qurib bitkazilgan 40 ming tonnadan ortiq donni qabul qilish imkoniyatiga ega ochiq maydonli shoxobcha, elektron tarozixona haqida ma’lumot berildi.
– G‘allachilik klasterini tashkil etganimizga ikki yil bo‘ldi, faoliyatimizni yanada kengaytirish choralarini ko‘rmoqdamiz, – deydi klaster rahbari Shomurod Jumanov. – Jumladan, xorijdan 15 ming tonna donni saqlashga mo‘ljallangan yopiq metall sig‘imlar keltirib, bugungi kunda sig‘imlarni o‘rnatish ishlarini boshlab yuborganmiz.
[gallery-5883]
Qolaversa, 112 ta fermer xo‘jaligi bilan 43 ming 500 tonna donni qabul qilish uchun “fyuchers shartnomasi”ni tuzganmiz. Mahalliy tadbirkor tomonidan yana bir katta loyihaga qo‘l urilib, 1 millon 960 ming AQSH dollari evaziga Turkiya davlatidan donni qayta ishlab, un chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy tegirmon uskunalari olib kelingan. Mazkur uskunalarning texnik imkoniyatlari va ularning ish unumdorligi ham tadbir ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
– Uskunlarni o‘rnatish ishlari joriy yil iyun oyida nihoyasiga yetkazilib, ushbu tegirmon ishga tushirilgach, bir kunda 100 tonna don qayta ishlanadi va 75 tonna un mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori Jahongir O‘tashev. – Bir yilda esa 36 ming tonna donni qayta ishlash hisobiga 27 ming tonna 1-navli un ishlab chiqariladi. Klaster korxonasida urug‘lik don tayyorlash sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xorij texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu sexda sutkasiga 240 tonna urug‘lik don tayyorlash imkoniyati mavjud. Bu yerda mavsum davomida 15 ta odam ish bilan band bo‘ladi. Shuningdek, press-tur davomida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam va ushbu yo‘nalishda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan profilaktik va nazorat tadbirlari, ularning natijalari to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
bugungi kunda Jizzax viloyatida “O‘zdonmahsulot” AK tasarrufidagi 3 ta don korxonasi va don korxonalariga qarashli 6 ta don qabul qilish shoxobchasi mavjud bo‘lib, don yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta g‘allachilik klasteri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Press-tur davomida jurnalist va blogerlar soha yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA