Ilg‘or tajribalar o‘rganildi
Qozog‘iston Respublikasining turli soha mas’ullari va hudud rahbarlaridan iborat delegatsiya kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish borasida Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq va Qibray tumanlaridagi mahallalarda bo‘lib, aholi daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahallalarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan loyihalarni o‘rgandi.
Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi Tinchlik va Qorasuv mahallalarida savdo va xizmat ko‘rsatish, mebel ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash yo‘nalishidagi loyihalar namoyish etildi. Yuqori Chirchiq tumanida delegatsiya “YUQORICHIRCHIQ ENERGY SYSTEMS”, “ROSEN PARK” kabi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, stol tennisi markazi hamda 18-maktabda yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Qibray tumanida esa “AGRO LIGHT BUSINESS” MCHJning agroturizm loyihasi hamda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan “MIRSOBIR-AGRO NIHOL” MCHJ faoliyati o‘rganildi.
Joylardagi uchrashuvlarda mahallalarning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va barqaror daromad manbalarini yaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Qozog‘iston delegatsiyasi vakillari o‘z hududlarida amalga oshirilayotgan ilg‘or yondashuv va amaliy tajribalar haqida ham ma’lumot berib, kelgusida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri