Ikkinchi bahs ham durang bilan tugadi
Joriy yilning kuz faslida Quvayt davlatida o‘tishi rejalashtirilgan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik bosqichi doirasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalari Jizzax shahrida ikkinchi o‘rtoqlik nazorat uchrashuvini o‘tkazdi.
“So‘g‘diyona” sport majmuasida tashkil etilgan ushbu bahs birinchisiga qaraganda keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. O‘yinning 6-daqiqasida terma jamoamiz a’zosi Husniddin Nishonov hisobni ochdi – 1:0. Birinchi bo‘lim ana shunday natija bilan yakunlandi.

Uchrashuvning 27-daqiqasida tojikistonlik Abduqayum Umarov o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1. Oradan 1 daqiqa o‘tib, terma jamoamiz sardori Dilshod Rahmatov raqib darvozasiga 2-golni yo‘llab, farqni yana 1 taga oshirdi.
Bahodir Ahmedov eksperimental tarkibni tushirgan bo‘lsada, ishqibozlar, g‘alaba o‘zbekistonliklar tomonida bo‘lar ekanda, deb turgan bir paytda, yana o‘sha tinib-tinchimas Abduqayum Umarov bahs tugashiga sanoqli daqiqalar qolganida hisobni tenglashtirdi – 2:2.

Shunday qitlib, O‘zbekiston terma jamoasi futzalchilari 2-bahsda ham tojikistonliklarni yenga olmadi.
O‘zbekiston va Tojikiston futzal termalari o‘rtasidagi 3-bahs ham Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida 17 iyul kuni kech soat 19:00 da boshlanadi.

A.QAYUMOV, O‘zA