Ikki nafar ota aliment pullarini oldindan to‘ladi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati Pop tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan tushuntirish va ijro harakatlari davomida ikki nafar ota o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar 5 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni aliment uchun oldindan to‘lab berdi.
MIB viloyat boshqarmasiga ko‘ra, poplik fuqaro N.B. turmush o‘rtog‘i Z.A. bilan ajrashib ketgan. Bir nafar farzandi esa onasining qaramog‘ida qolgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlaro sudining qaroriga asosan, otadan har oyda aliment undirish belgilanadi. Hujjat MIB Pop tumani bo‘limi ish yurituviga olinib, davlat ijrochisi tomonidan harakatlar olib borilgan. O‘z vaqtida aliment mablag‘ni to‘lab kelayotgan ota bilan o‘tkazilgan tushuntirishlardan keyin u farzandi voyaga yetgunga qadar belgilangan pulni to‘lashi bo‘yicha byuroga ariza bilan murojaat qildi. Uning murojaati ko‘rib chiqildi va 18 yoshgacha bo‘lgan davr uchun hisoblangan aliment mablag‘i hisobiga 5 ming AQSH dollar to‘lov amalga oshirildi.
Yana bir fuqaro B.S. dan undiruvchi D.M. foydasiga bir nafar bolasiga aliment undirish belgilangan. Fuqaro bilan olib borilgan tushuntirishlar natijasida u ham farzandi voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment mablag‘i uchun 5 ming AQSH dollar mablag‘ni jigarbandi uchun taqdim etdi.
MIB tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar va targ‘ibot ishlari samarasi o‘laroq yuqoridagi har ikki ijro hujjati amalda tamomlandi.
O‘zA