Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikati berishning yangi tartibi tasdiqlandi. Bu tizim ijtimoiy himoya sohasiga qanday o‘zgarishlar olib keladi?
Hukumatning tegishli qarori bilan “Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
2024-yil 4-sentyabrda qabul qilingan mazkur reglament bilan ijtimoiy xodimlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi (vakolatli organ) tomonidan malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, malaka sertifikati nazorat sinovi natijalariga asosan quyidagi tartibda beriladi:
1 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – III toifali malaka sertifikati;
2 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – II toifali malaka sertifikati;
3 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – I toifali malaka sertifikati.
III toifali malaka sertifikatini olish uchun talabgordan oliy ma’lumot, II va I toifali malaka sertifikatini olish uchun esa tegishli yo‘nalishdagi oliy ma’lumot talab qilinadi.
Malaka sertifikati 5 yil muddatga beriladi.
Malaka sertifikatini olish uchun o‘tkaziladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgor vakolatli organning kamida 36 akademik soatlik o‘quv kurslarida malaka oshirishi lozim.
Malaka sertifikatini berish uchun nazorat sinovi, qoida tariqasida, har chorakda bir marta o‘tkaziladi.
Talabgorlar test sinovlari va keys tahlili bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.
Nazorat sinovi natijasiga ko‘ra 70 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor sinovdan o‘tgan hisoblanadi.
Sherbek Islomov, O‘zA