Ijtimoiy masalalar prokuratura nazoratida
Qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi yashash manzillari, ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni energiya resurslari, xususan ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi mutasaddilar oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Namangan viloyati prokurori, viloyat ikkinchi sektor rahbari Bektosh Soyipov hamda Respublika Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i Sherzodbek To‘xtaboyev ayni shu maqsadda Chortoq tumanida bo‘ldi. O‘rganishlar avvalida, tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan aholini gaz va elektr energiyasi bilan doimiy ta’minlash, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, tuman prokurori Abdulbosit Nurmatov mas’ul bo‘lgan ikkinchi sektor hududida joylashgan mahallalarda “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarga borilib, ularning holidan xabar olindi. Oldin ushbu ijtimoiy daftarda turib, prokuraturaning amaliy ko‘magida pishiriqlar ishlab chiqaruvchi sex tashkil etgan, ayni paytda “Baynalmilal” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Dunyo shirinliklari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 15 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan tadbirkor ayol Nozima Aminova faoliyati bilan tanishib, bu joyda ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbat qurildi.

So‘ngra, tuman dehqon bozorida arzonlashtirilgan narxlarda qishloq xo‘jaligi va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganligi, narx-navo, savdo shoxobchalarida xaridorlar va sotuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Bundan tashqari, tuman markaziy shifoxonasida davolanayotgan bemorlar ham yo‘qlandi. Tez tibbiy yordam hamda bolalar bo‘limi ko‘zdan kechirilib, unda bemorlar uchun ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ko‘lami, issiqlik ta’minoti, yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.

Qolaversa, tibbiyot muassasasini dori-darmonlar bilan ta’minlashga oid holatlar atroflicha o‘rganildi. Sog‘liqni saqlash maskanlarida elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish yuzasidan mas’ullarga kerakli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA