Ijtimoiy dorixonalarning oddiy dorixonalardan qanday farqi bor?
“Issiq jon isitmasiz bo‘lmas”. Tobimiz qochganida shifokor xizmatiga ehtiyoj sezamiz va albatta mutaxassis tomonidan taqdim etilgan retseptni olib dorixonaga murojaat qilamiz. Shuning uchun ham farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirish eng dolzarb masalalardan biridir. Chunki mazkur soha bevosita inson sog‘lig‘i bilan bog‘liq.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan arzon narxda ta’minlashga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ijtimoiy dorixona nima? Ularning oddiy dorixonadan qanday farqi bor? Kimlar imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlanish huquqiga ega?
Mazkur savollar yuzasidan “Dori-darmon” AK tijorat direktori Nurali Husanov quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

–Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana narxlarda, xarid narxining 10 foizidan oshmaydigan miqdordagi eng kam chakana savdo ustamasi bilan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega farmatsevtika mahsulotlarini qat’iy belgilangan narxlarda sotish, dori vositalarini imtiyozli retseptlar bo‘yicha tavsiya qilish ijtimoiy dorixonalarning asosiy faoliyat turlari sanaladi, – deydi Nurali Husanov. – Ijtimoiy dorixonalarning xizmat ko‘rsatish radiusi aholi sonidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, shaharlarda 2-3 km, qishloq hududida 5-10 kmdan ko‘p bo‘lmagan masofada bo‘lishi kerak. Bu kabi dorixonalar viloyat, tuman markazlarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida joylashtirilishi lozim. Mamlakatimizda 1 ming 747 ta ijtimoiy dorixonalar mavjud. Shundan 1 ming 143 ta ijtimoiy dorixonalar respublikamizning eng olis hududlarida, chekka punktlarda joylashgan. Mazkur dorixonalarning hammasi zarur jihozlar bilan ta’minlangan, litsenziyaga ega mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Aslida ijtimoiy dorixonalar aholiga qanday qulaylik yaratadi?
–Bu kabi dorixonalarning qulayligi tibbiyot muassasalariga, qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga yaqin masofada joylashgani. Shuningdek, ularda birinchi navbatda ijtimoiy ahamiyatga ega, narxi cheklangan dorilar sotiladi. Yana bir muhim jihat, bu dorixonalarda dori-darmonlarning ustamasi 10 foizdan oshmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy dorixonalar narkotik-psixotrop dorilarni retsept asosida berish vakolatiga ega. Retseptlar bo‘yicha bepul dori vositalari ham ijtimoiy dorixona orqali olinadi.
Ijtimoiy dorixonalar ayrim toifadagi imtiyozlarga asosan dori vositalari bilan ta’minlash tartibini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Tegishli hujjatga ko‘ra, 14 turdan iborat imtiyozga ega kasalliklar ro‘yxati tuzib chiqilgan. Bu kabi kasallikka chalingan bemorlar o‘zlari ro‘yxatda turgan hududda joylashgan ijtimoiy dorixonalar orqali bepul dori vositalari bilan ta’minlanadi. Ambulatoriya sharoitida davolashda imtiyozli beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy dorixonada amalda mavjud bo‘lgan va vaqtincha mavjud bo‘lmagan dori vositalari haqida shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga har chorakda ma’lumot taqdim etadi.
Bepul dori vositalaridan foydalanish uchun ularga imtiyoz asosida retsept yozib beriladi. Ushbu dorilarni shu dorixonadan topishni imkoni bo‘lmasa, shartnoma tuzish orqali shu hududda joylashgan mulkchilik shaklidan qat’i nazar, dorixonalar orqali imtiyozli retsept asosida bepul olish mumkin.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “Dori-darmon” AK ga joriy yilning o‘zida 233 ming 83 ta imtiyozli retsept kelib tushgan va bemorlar bepul dori vositalari bilan ta’minlangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA