Ijodiy imtihonlar qanday oʻtkaziladi?
Ayni paytda ushbu asar rus tiliga tarjima qilinayotir.
Bolgariyalik taniqli yozuvchi Mariya Filipova Xadjining Oʻzbekistonga bagʻishlangan “Toʻrtinchi ustun” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Kitob bolgar tilida Plovdiv shahridagi “IMEON” nashriyotida chop etildi. Yozuvchi ushbu asarini 2018-yili Oʻzbekistonga safaridan keyin yoza boshlagandi. Oʻsha yili u “Oʻzbekistonda chet ellik yozuvchi va rassomlarning rezidensiyasi” mustaqil dasturining ilk ishtirokchisi boʻlgan.
Ayni paytda ushbu asar rus tiliga tarjima qilinayotir. Muallif kitob oʻzbek va ingliz tillariga ham tarjima boʻlishini juda istaydi.
“Xalq soʻzi” gazetasida ushbu kitob muallifi bilan suhbat eʼlon qilindi. “Oʻzbekiston haqida cheksiz gapirish mumkin!” sarlavhali mazkur materialda keltirilishicha, asar bosh qahramoni butun hayoti davomida ota-bobolari yurti boʻlmish Oʻzbekistonga talpinib yashaydi, turmushidagi har bir ishora uni Markaziy Osiyoga yoʻnaltiraveradi. Asardagi koʻp voqea-hodisalar uydirma emas, ayni haqiqatdir.
Mariya Filipovaning oʻndan ortiq kitoblari nashr etilgan, asarlari chet tillariga, jumladan, oʻzbek tiliga ham oʻgirilgan. Xoʻsh, Mariya Filipova Xadjini bu romanni yozishga nima undadi? Muallif bu savolga shunday javob beradi: Maqsad – Oʻzbekistonni butun dunyoga bor boʻyi bilan koʻrsatish va olam ahliga bu sehrli diyor haqida hikoya qilish!
... COVID-19 pandemiyasi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkillashtirish ishlarini tubdan oʻzgartirib yubordi. Koʻpgina davlatlarda bu jarayon masofadan turib, onlayn amalga oshirilmoqda. Joriy yilda alohida iqtidor talab qiladigan yoʻnalishlar uchun kirish imtihonlari ijodiy imtihonlar tarzida oʻtadi. Ijodiy imtihon tarkibida nechta topshiriq boʻlishidan qatʼi nazar, abituriyentlar bir kunda hammasini topshirishi kerak. Imtihon olish davomiyligi ham imkon darajasida qisqartiriladi...
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Ijodiy imtihonlar tartibiga oydinlik kiritildi” sarlavhali materialda shu haqdagi yangiliklar bilan tanishasiz. Xususan, maqolada yozilishicha, ijodiy imtihon onlayn oʻtkazilmaydi. Respublika maxsus komissiyasining ruxsatidan soʻng belgilangan kunda, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda boʻlib oʻtishi koʻzda tutilmoqda. Ota-onalar karantin tufayli institut hovlisiga kiritilmaydi. Ularga muassasa tashqarisida joy tayyorlanib, imtihon jarayoni onlayn translyatsiya qilib boriladi...
“Birja” gazetasida “Biznesning hozirgi holati qanday?” nomli material bosilgan. Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning iyul oyida korxonalar oʻrtasida soʻrovning navbatdagi bosqichini oʻtkazgani haqida axborot beriladi. Mazkur soʻrovda respublikamizning barcha hududlaridan 1003 ta korxona qatnashgan. Uning natijalari iyul oyida ishbilarmonlik muhiti, biznesning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari oʻrtacha pasayishda ekanini koʻrsatgan.
Biroq joriy koʻrsatkichlar may oyi natijalaridan yuqori boʻlib qolmoqda. Soʻrov natijalariga koʻra, korxonalarning 30 foizi biznesning hozirgi holatini yaxshi, 47 foizi qoniqarli va 23 foizi yomon deb baholagan...
ʻUmrni oqar daryoga qiyoslashlari bejiz emas, – deyiladi “Sport” gazetasida berilgan “Paxtakor-79”: yodimizda, qalbimizda!" sarlavhali maqolada. – Kunlar, haftalar, oylar va yillar bir-birini quvib oʻtaveradi-oʻtaveradi. Bolalar ulgʻayadi, yoshlar keksayadi... Faqat marhumlargina xotirada oʻshandayligicha saqlanib qoladi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi aʼzolaridan 17 nafari joy olgan samolyot 1979-yil 11-avgust sanasida samoda parchalanib, xalqimiz faxri boʻlgan yigitlar boqiy dunyoga yoʻl olganiga ham 41 yil boʻlibdi. Materialda ushbu unutilmas jamoamiz aʼzolarining mahorati, iqtidori yodga olinadi...
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.