IIV ishchi guruhi Qashqadaryoda
Prezident qarori amalda
Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh davlatimiz rahbarining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Qarshi davlat universitetida prokuratura, Milliy gvardiya hamda hamkor tashkilotlarning mas’ullari, Qarshi shahar sektorlari rahbarlari hamda “qizil” toifadagi Alisher Navoiy, Cho‘lquvar, Shayxali mahallalari yettiligi bilan o‘tkazgan yig‘ilishda qarorning mazmun-mohiyatini ishtirokchilarga yetkazdi.

Unda kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, vaziyati og‘ir “qizil” toifadagi mahallalarda “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “Namunali xavfsiz yo‘lak”larni tashkil qilish, videokameralar o‘rnatish hamda vaziyatni nazorat qilish uchun profilaktika inspektori hamda Ichki ishlar boshqarmasi vaziyatlar markaziga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kirish eshiklarida zamonaviy domofonlarni o‘rnatish, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni nazorat qilish uchun mahalla – tuman – viloyatlar bo‘yicha mas’ullar biriktirilgani qayd etildi.

Qarshi tuman Bolalar musiqa va san’at maktabida ham sektorlar rahbarlari, Milliy gvardiya hamda hamkor tashkilotlarning mas’ullari, “qizil” toifadagi Bog‘obod, Charog‘il, Kat mahallalari yettiligi bilan qaror mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mahallalar yettiligi bilan jinoyatlarning oldini olish borasidagi vaziyat tahlil etilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan aniq manzilli tadbirlar belgilandi.
Tadbirda mas’ullarga huquqbuzarliklar profilaktikasini “Yo‘l xaritasi” asosida to‘liq ijro etilishini ta’minlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratib, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiya, topshiriqlar berildi.
Shuningdek, respublika ishchi guruhi a’zolari kichik guruhlarga bo‘linib, viloyatning barcha shahar va tumanlarida qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.
Qarorda belgilanganidek, amalga oshirilgan ishlar har oyning yakunida ichki ishlar vaziri, har chorakda Bosh prokuror hamda yarim yilda Bosh vazir huzurida muhokama etilishi ta’kidlab o‘tildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA muxbiri