IIBda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi (+video)
Navoiy viloyati IIBda 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Turli tizimlarda bo‘lgani kabi ichki ishlar organlarida ham yosh xodimlarni ona Vatanga muhabbat hamda xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, iste’dodli va istiqbolli yosh kadrlarni aniqlash, ularning muammolarini o‘rganib, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 1- va 2-bosqich kursantlari, faxriylar, xodimlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
[gallery-24102]
Tadbirda viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev bugungi kunda tizimda xizmat qilayotgan yosh xodimlar va kursantlarning kasbiy hamda ma’naviy kamoloti uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib, o‘zining xizmat faoliyati, duch kelgan sinovlari va tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi IIVning buyrug‘iga asosan maxsus unvonlar, ko‘krak nishonlari, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bir guruh xodimlar hamda ularning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining minnatdorlik xatlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Mana bugun yosh xodim va xodimalar, ularning ota-onalariga namunali xulqi va xizmat faoliyatidagi samarali mehnatlarini inobatga olib minnatdorlik bildirildi hamda tashakkurnomalar berildi, – deydi viloyat IIB YHXB xodimi Dinara Isroilova. – Ularning ichida mening borligim ham oilamiz uchun quvonarlidir. Bugun yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Bugun menga bildirilgan ishonchni, albatta, oqlashga, yelkamdagi mas’uliyatli vazifani vijdonan bajarishga va’da beraman.
Uchrashuv so‘nggida “Rahbar bilan bir kun” loyihasi doirasida yosh xodimlar boshqarma boshlig‘ining xizmat xonasiga tashrif buyurdi hamda rahbar kursisida o‘tirib, o‘zlarini ushbu mas’uliyatli lavozim egasi o‘rnida tasavvur qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Boshqarma boshlig‘i yoshlarga omad va zafarlar tilab, ularga bo‘sh vaqtlarida ko‘proq kitob o‘qishlarini ta’kidladi. Shundan so‘ng ularga kitoblar hamda esdalik sovg‘alari topshirdi.
Albatta, bu kabi uchrashuvlar yosh kadrlarni ruhlantirish va ularning ish samaradorligini yanada oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/F1rGHveVwks?si=RheNegzjV2S4JBJz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslanov (surati) O‘zA muxbiri