Iftixorga munosib mahalla
Mahalla – xalq tayanchi, inson qadri ulug‘lanadigan, ezgu tashabbuslar ro‘yobga chiqadigan muqaddas maskan. Bugun mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham mahallaning o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Zero, mahalla – bu oddiy hudud yoki aholi yashash maskani emas, balki u – inson qadri ulug‘lanadigan, ezgu tashabbuslar tug‘iladigan, mehnat va taraqqiyot mevasi yaqqol ko‘rinadigan hayot maktabidir. Bugun mamlakatimizning har bir mahallasida kechayotgan o‘zgarishlar Yangi O‘zbekistonning buyuk maqsadlari va xalqparvar siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib namoyon bo‘lmoqda.
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Iftixor mahallasi ham ana shunday ezgu o‘zgarishlar markaziga aylangan hududlardan. Nomiga munosib ravishda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadigan ushbu mahallada bugun mehnat, tashabbus va hamjihatlik uyg‘unlashib, yangi yutuqlarga zamin yaratmoqda.
37 gektar hududda joylashgan mahallada 919 oila, 3 ming 138 nafar aholi istiqomat qiladi. Turli millat vakillari ham bo‘lgan bu go‘shada o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhiti hukmron. Mahallaning 500 dan ziyod yoshi uning ertangi kuni, kelajak taraqqiyotining ishonchli poydevori hisoblanadi. Yoshlarni bilimli, vatanparvar va tashabbuskor qilib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Bugungi kunda Iftixor mahallasida 178 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ular nafaqat o‘z oilasi, balki mahalla iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida tadbirkorlarning faol ishtiroki bor.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar mazkur mahalla hayotida ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Xususan, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan “Sevimli bolalar” MCHJ ga 100 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu loyiha asosida tashkil etilgan 50 o‘rinli bolalar bog‘chasi nafaqat tadbirkorlikning yana bir muvaffaqiyatli namunasi, balki mahalladagi yosh oilalar uchun muhim ijtimoiy ob’ektga aylandi. Bugun bu dargohda bolajonlar zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olayotir.Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi ta’minlandi.
Mamlakatimizda har qarich yerdan unumli foydalanish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Iftixorda ham o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Alisher Navoiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi Sharifa Ahmadaliyevaning tomorqasi bugun mahalladagi namunaviy xo‘jaliklardan biri sifatida tilga olinadi. U o‘z mehnati bilan tomorqadan samarali foydalanish mumkinligini amalda isbotlagan. Xonadon tomorqasida ekilgan har bir ko‘chat, parvarish qilingan har bir ekin mehnatning barakasini namoyon etmoqda.
Iftixorlik Jamol Temurovning tomorqachilik faoliyati ham e’tiborga loyiq. U yarim sotix maydonda issiqxona tashkil etib, gulchilik hamda sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Omilkor pomidor va bodring yetishtirib, tuman aholisini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
Bu kabi tashabbuslar aholi o‘rtasida tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, yerdan oqilona foydalanish va mehnat orqali farovonlikka erishish mumkinligini namoyon etadi.
Mahalla taraqqiyoti avvalo insonlar uchun yaratilayotgan sharoitlarda aks etadi. Ayniqsa, bolalar va yoshlar uchun barpo etilayotgan maskanlar kelajakka qaratilgan eng muhim sarmoyadir. Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan bolalar maydonchasi mahalla yettiligi va homiy tadbirkorlar tashabbusi bilan qayta qurildi. Eski va nosoz holatga kelib qolgan maydoncha bugun zamonaviy qiyofaga ega bo‘lib, bolalar kulgusi bilan yashnagan.
[gallery-29857]
Iftixor mahallasida amalga oshirilayotgan har bir xayrli ishning zamirida insonlar hamjihatligi, faolligi va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi mujassam. Mahalla yettiligi, nuroniylar, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, tadbirkorlar va fuqarolarning bir maqsad yo‘lida harakat qilishi mahalla taraqqiyotining asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mahallada kechayotgan o‘zgarishlar – bu shunchaki raqamlar yoki hisobot ko‘rsatkichlari emas. Balki, aholining intilishlari, mehnati, sa’y-harakatlari va kelajakka bo‘lgan ishonchining samarasidir. Bu go‘shada qurilayotgan har bir inshoot, yaratilayotgan har bir ish o‘rni, obod etilayotgan har bir ko‘cha va maydon kelajakka qaratilgan mustahkam poydevordir. Iftixor mahallasi nafaqat o‘z nomi, balki amalga oshirayotgan ezgu ishlari bilan ham iftixorga aylamoqda.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA