Ifloslantiruvchi manbalar nazoratdan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining buyrug‘iga muvofiq, Muhitga ta’sirni identifikatsiyalash va nazorat qilishga ( MIZ) qaratilgan davlat dasturi hamda rejali tekshirishlar doirasida o‘tgan yili Sirdaryo viloyati hududida jami 54 ta korxonada atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalar bo‘yicha monitoring ishlari amalga oshirildi.
Nazorat tadbirlari akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar ishtirokida o‘tkazilib, ishlab chiqarish jarayonlarining atmosfera havosi, suv va tuproq holatiga ko‘rsatayotgan ta’siri amaldagi ekologik me’yorlar asosida baholandi.


– Xususan, atmosfera havosining ifloslanishini monitoring qilish doirasida 19 ta korxonada havoga chiqarilayotgan zararli moddalar ko‘rsatkichlari tahlil qilindi, – deydi Sirdaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov. – Oqova va chiqindi suvlar monitoringi 18 ta ob’ektda o‘tkazilib, suv resurslarining kimyoviy va biologik holati o‘rganildi. Shuningdek, 17 ta korxonada tuproq zararlanishi darajasi aniqlandi.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” tomonidan 2025 yil davomida 1546 ta ishchi loyiha, loyiha oldi hamda ekologik me’yoriy hujjatlar ko‘rib chiqilib, ularning atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri baholandi. Natijalardan kelib chiqqan holda, buyurtmachilarga davlat ekologik ekspertizasi xulosalari taqdim etildi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri