“Ideathon” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Qarshi shahrida Qashqadaryoda o‘tgan yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan IT loyihalar bo‘yicha hokim kubogi – “Ideathon” ko‘rik-tanlovining joriy yildagi 1 va 2-mavsum g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan IT sohasiga qaratilayotgan e’tibor va bu islohotlarning Qashqadaryodagi amaliy natijalari haqida to‘xtalib, barcha tanlov ishtirokchilari va g‘oliblarni samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng, sektor rahbarlari va viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida tanlovning g‘olib-sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, viloyatda sohani rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyatdagi 16 ta tuman (shahar)da Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, shu kungacha 15 ming nafardan ortiq tinglovchi qamrab olindi.
[gallery-15148]
Barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zamonaviy Inkubatsiya markazlari barpo qilindi.
Albatta, sohaning rivojlanishi, birinchi navbatda, yoshlarning til bilish darajasiga bog‘liq. Shu maqsadda yil boshida “Xorijiy til bilan ITga yo‘l” loyihasi joriy qilindi. Mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan holda, 500 nafar yoshning 6 oylik xorijiy til o‘qish xarajatlari qoplab berildi.
Kitob tuman markazida foydalanilmay turgan sobiq Mehribonlik uyi negizida “Iqtidor” IT akademiyasi tashkil etildi.
Shahar telekom tarmog‘iga qarashli binoning 4-qavatida masofaviy xizmatlar eksport markazini foydalanishga topshirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Joriy yil davomida IT chilar tomonidan 72 ta istiqbolli startap loyiha ishlab chiqilib, ulardan 29 tasiga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qariyb 2 milliard so‘m ajratildi. Shu bilan birgalikda, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti tomonidan 2 ta startap loyiha uchun 1 million 902 ming AQSH dollari miqdorida xalqaro investitsiya mablag‘i jalb qilingan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari