Ichki migratsiya ortmoqda, odamlar nega yashash joyini o‘zgartirmoqda?
Keyingi yillarda mamlakatimizda ichki migratsiya sur’atlari sezilarli darajada oshmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat bo‘ylab ko‘chib kelganlarning 157 ming nafari yoki 62,1 foizi aynan bir hudud doirasidagi ko‘chishlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘paygan.
Hududlararo migratsiya 94,6 ming nafarni yoki jami migratsiyaning 37,4 foizini tashkil etgan bo‘lsa, tashqi migratsiya ulushi 0,5 foiz darajasida qolgan. Mazkur ko‘rsatkichlar aholi migratsiyasida ichki ko‘chishlar ustunlik qilayotganini tasdiqlaydi.
"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekistonda ichki migratsiya jarayonlariga ta’sir etuvchi demografik, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni baholashga qaratilgan kompleks ilmiy-tadqiqot o‘tkazildi.
Tadqiqot davomida O‘zbekistonning 14 ta hududi bo‘yicha 2010 – 2025-yillarni qamrab oluvchi 195 ta panel kuzatuv ma’lumotlari zamonaviy ekonometrik tahlil usullari yordamida o‘rganildi.
Tadqiqot ichki migratsiyaning asosiy omillari iqtisodiy rivojlanish, aholi daromadlari, mehnat bozori imkoniyatlari hamda demografik ko‘rsatkichlar ekanini tasdiqladi, deyiladi "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotida.
Ekonometrik model natijalariga ko‘ra, aholi jon boshiga daromadlar 1 foizga oshganda ichki migratsiya o‘rtacha 1,42 foizga ortadi. Bu yuqori daromad va iqtisodiy imkoniyatlarga ega hududlar ko‘proq odamlarni o‘ziga tortayotganini anglatadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, bandlik darajasi 1 foizga oshishi ichki migratsiyani o‘rtacha 3,15 foizga kamaytiradi. Ya’ni, hududlarda ish o‘rinlari ko‘paygani sayin odamlarning boshqa joyga ko‘chish ehtiyoji ham pasayadi.
Tadqiqot demografik omillar ham ichki migratsiyaga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Xususan, nikohlar soni oshgani sari ichki migratsiya ham ortadi, tug‘ilish ko‘rsatkichi yuqorilashi esa aksincha migratsiya hajmining kamayishiga xizmat qiladi.
Tadqiqot mualliflari xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki migratsiyaga eng katta ta’sirni iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholi daromadlari va mehnat bozori imkoniyatlari ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, nikoh, tug‘ilish hamda aholining demografik tarkibi ham migratsiya jarayonlarining uzoq muddatli shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Mazkur tadqiqot natijalari hududiy rivojlanish siyosatini takomillashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish hamda ichki migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish bo‘yicha davlat qarorlarini qabul qilish uchun muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA