Ichki ishlar vaziri Qorovul qo‘shinlaridagi xizmat faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov hamda soha mas’ullari Qorovul qo‘shinlari qo‘mondonligida amalga oshirilayotgan ishlar, xizmat faoliyati samaradorligini oshirish hamda raqamli transformatsiya masalalari bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganishlar davomida Ichki ishlar vazirligining harbiylashtirilgan tuzilmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xizmat infratuzilmasini yanada takomillashtirish, rejalashtirilgan qurilish va rekonstruksiya loyihalarining amalga oshirilish holati atroflicha o‘rganildi.

Harbiy xizmatchilarning sport va jangovar tayyorgarligi, ularning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullar xizmatchilar va askarlar uchun yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar bilan tanishib, ularning xizmatni munosib o‘tashlari uchun qulay muhit yaratish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

IIV Qorovul qo‘shinlari hamda Jazoni ijro etish departamentining hamkorlikdagi faoliyatini raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan zamonaviy elektron platformaning taqdimoti muhokama qilinib, uning imkoniyatlari va amaliyotga joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir davomida vazirlik rahbariyati tomonidan xizmat faoliyatida halollik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy amal qilish muhimligi alohida qayd etildi.
Har bir xodim va harbiy xizmatchi xizmat intizomiga so‘zsiz rioya etishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalalik va yuksak mas’uliyat namoyon etishi lozimligi ta’kidlandi.
Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA