Ichki ariqlar jadal betonlashtirilmoqda
2024 yili suv xo‘jaligida “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi. Albatta, bu qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda oqova suv sarfini sezilarli darajada iqtisod qilish imkonini beradi.
Ushbu tashabbus doirasida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ham kanallarni betonlash ishlariga jiddiy kirishilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda suv xo‘jaligi tashkilotlariga qarashli 10 ta 62,64 kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanallar mavjud. Ushbu kanallarning 28 kilometr 410 metr qismi betonlashtirilgan. Qolgani tuproq o‘zanli.
[gallery-15626]
– Bundan tashqari, tumanimizda klaster va fermerlar hisobidagi 745,6 kilometr ichki kanal va ariqlar mavjud bo‘lib, shundan 50,1 kilometr lotok, 14,5 kilometr beton qoplamali hamda 681 kilometr (91 %) qismi tuproq o‘zanli suv yo‘llari hisoblanadi, – deydi tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Qilichov. – Har yilgi sug‘orish mavsumi davrida ichki sug‘orish tarmoqlari orqali yetkazib berilayotgan ob-hayotning 30 foizdan ko‘prog‘i janub quyoshida bug‘lanishi va yerga singib ketishi tufayli yo‘qotilmoqda. 23 yanvar holatida mazkur xo‘jaliklararo ichki kanal va ariqlarning 55 kilometr 760 metr qismi betonlashtirildi. Joriy yilning oxiri va kelgusi yil davomida 3 ming 984 gektar maydonni suv bilan ta’minlaydigan jami 125 kilometr tuproq o‘zanli ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtiriladi. Bu ish to‘liq yakuniga yetkazilgach, yiliga 58,9 million kub metr ob-hayot tejaladi va tejalgan suv hisobiga 4 ming gektar ekin maydonlarini qo‘shimcha suv bilan ta’minlash imkoniyati vujudga keladi.
Qo‘shimcha qilib aytish joizki, tumanda faoliyat yuritayotgan klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ham kanal va ariqlarni betonlash ishlari bajarilmoqda. Maqsad suv sarfini kamaytirish va boridan unumli foydalanishdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari