Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Navoiy viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va suv inshootlarini rekonstruksiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar xalqimiz salomatligini mustahkamlash, atrof-muhit musaffoligini asrashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Navoiy viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va suv inshootlarini rekonstruksiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Joriy yilgi investitsiya dasturiga asosan 47 ming 700 aholining suv ta’minotini yaxshilash belgilangan, – deydi Navoiy viloyati “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Zohid Hamroyev. – Ayni paytda aholi hududlarini suv ta’minoti tarmoqlariga ulash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yil viloyatda 23 zamonaviy massiv hamda 19 qishloqda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Viloyat qishloq aholi punktlari suv inshootlarini rekonstruksiya qilish va qayta ta’mirlash hamda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini tahlillarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.
2012-2013-yillarda Qiziltepa, Konimex, Karmana, Navbahor, Xatirchi tumanlari markazlarida umumiy qiymati 19,9 million dollarga teng bo‘lgan 2 yangi suv tarqatish inshooti qurilib, 3 tasi rekonstruksiya qilindi. 152,1 kilometr suv quvurlari yotqizilishi natijasida 70 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Prezidentimizning 2014-yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil uchun investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘tgan yili viloyatning 9 tumanida jami qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Buning samarasida 56,6 ming aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Joriy yilda ham viloyatda 13,3 milliard so‘mlik ish bajarilib, 133 kilometr hududda suv quvurlari yotqizilishi rejalashtirilgan.