Ichimlik suvi sifati doimiy nazoratda
Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati va barqarorligi juda muhimdir. Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi hamda Mahallalar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida memorandum imzolangan bo‘lib, unda qonun ustuvorligini ta’minlash va aholi manfaatini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ayni kunlarda memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida inspeksiya mutaxassislari shahar-tumanlarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Xususan, Beshariq tumanining “Yakkatut”, “H.Olimjon”, “Vatan”, “Qoraqo‘yli” va “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida inspeksiya mutaxassislari tomonidan “Farg‘ona suv ta’minot” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli bo‘lgan ichimlik suvi inshootlarida zararsizlantirish uskunalarining holati va ishlash jarayonlarini o‘rganish bo‘yicha nazorat tadbirlari amalga oshirilyapti.

Jamiyatning Beshariq tuman bo‘limiga qarashli “Qoraqo‘yli” mahalla fuqarolar yig‘inining Bunyodkor ko‘chasi hamda Vatan mahallasiga qarashli Bog‘ishamol ko‘chasida joylashgan ichimlik suvi inshootlaridagi zararsizlantirish uskunalarining ishlash jarayonlari o‘rganildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Quvasoy shahar bo‘limi bilan hamkorlikda bunday tadbirlar Quvasoyda ham davom ettirildi. Shu maqsadda “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati bo‘yicha aholi xonadonlaridan suv namunalari olindi.
Hozirda ichimlik suvi sifatining belgilangan sanitariya me’yorlariga muvofiqligini aniqlash borasida laboratoriya tahlillari olib borilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri