Huquqshunoslar uchun xalqaro seminar-trening tashkil etildi (+video)
Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Jahon savdo tashkiloti huquqi doirasida “yashil” iqtisodiyot, energetika va investitsiya huquqi” mavzusida xalqaro seminar-trening tashkil etildi.
Bugungi global iqtisodiy jarayonlarda xalqaro savdo, investitsiyalar, energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni huquqshunoslar zimmasiga xalqaro savdo qoidalarini chuqur o‘rganish va milliy qonunchilikni yangi talablarga moslashtirish kabi muhim vazifalarni yuklamoqda.
Seminar-treningning dastlabki sessiyasida Jahon savdo tashkiloti huquqining asosiy tamoyillari va uning O‘zbekiston uchun ahamiyati muhokama qilindi. Unda Savdo va tariflar bo‘yicha bosh kelishuv, Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh kelishuv, Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi kelishuv, eng qulay shartlar rejimi, milliy rejim hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni haqida ma’lumot berildi.
“Yashil iqtisodiyot va Jahon savdo tashkiloti huquqi” yo‘nalishida esa savdo va atrof-muhitni muhofaza qilish o‘rtasidagi muvozanat, ekologik talablar, subsidiyalar, ekologik cheklovlar hamda “yashil proteksionizm” masalalari tahlil etildi.
“Energetika huquqi va xalqaro savdo” mavzusida energetika resurslari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya subsidiyalari, savdo cheklovlari va karbon soliqlarining xalqaro savdoga ta’siri ko‘rib chiqildi.
Seminar-treningning yana bir muhim yo‘nalishi investitsiya huquqi va Jahon savdo tashkilotiga bag‘ishlandi. Xususan, xorijiy investitsiyalarni tartibga solish, investor va davlat o‘rtasidagi nizolar, Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi kelishuv hamda milliy qonunchilikni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi. Xorijiy ekspertlar ishtirokidagi treningning asosiy amaliy ahamiyati huquqshunoslarga xalqaro savdo va investitsiya munosabatlarida yuzaga keladigan zamonaviy huquqiy masalalarni xalqaro tajriba asosida baholash, Jahon savdo tashkiloti qoidalarini amaliy vaziyatlarda qo‘llash va milliy qonunchilikni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini berishdan iborat.
Xalqaro seminar-trening Germaniyaning “Konrad Adenauer” nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan savol-javoblar o‘tkazildi, keyslar tahlil qilindi hamda seminar-trening qatnashchilariga sertifikatlar topshirildi. Zamonaviy huquqshunos uchun xalqaro savdo qoidalarini bilish nafaqat nazariy bilim, balki iqtisodiy jarayonlarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri baholash imkoniyatidir.
M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov (O‘zA)