Huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan seminar-trening
Inklyuziv huquqiy madaniyatni shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning ota-onalarining huquqiy savodxonligini oshirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) moliyaviy ko‘magida “Orolbo‘yi hududida inklyuziv huquqiy madaniyatni yuksaltirish” grant loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Nukus shahri, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Chimboy, Xo‘jayli, Amudaryo va Nukus tumanlarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yoshlar uchun huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etildi.

Tadbirlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning har oylik daromadining belgilangan qismi, ya’ni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravarigacha bo‘lgan qismi daromad solig‘idan ozod etilishi haqida ma’lumot berilmoqda. Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yer solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyozlar, ulardan foydalanish tartibi va zarur hujjatlar haqida tushuntirishlar berilmoqda.

Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham seminar-treninglarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga ajratiladigan ijtimoiy yordamlar haqida ma’lumot berilmoqda.

Jumladan, davolanishga muhtoj yoshlarning jarrohlik amaliyotisiz davolanish va jarrohlik xarajatlarini qoplash, kasbiy ta’lim va oliy ta’lim to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, haydovchilik kurslarida o‘qish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarning turar joy ijarasi xarajatlarini qoplash kabi imkoniyatlar tushuntirilmoqda. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoshlarning parasport to‘garaklariga qatnashishi uchun yo‘lkira xarajatlarini qoplash va boshqa ijtimoiy yordam turlaridan foydalanish tartibi haqida ham ma’lumotga ega bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ularning mehnat huquqlarini ro‘yobga chiqarish va ish joylarida zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlar tushuntirilmoqda.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlarini tashkil etish xarajatlarini qoplash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratish belgilangan. Bunda ishlash istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri”ga kiritilishi, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishishi va ish beruvchilarga murojaat qilishi tartibi haqida ham amaliy ma’lumotlar berilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj fuqarolarning yashash sharoitini o‘rganish, individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tuzish va zarur xizmatlarni tashkil etish tartibi belgilangan. Fuqarolarning «Inson» markazlari, mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimlar yoki 1140 qisqa raqami orqali murojaat qilish imkoniyatlari ham tushuntirilmoqda.
— Tadbirlarda ishtirokchilarga nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, ijtimoiy himoya, reabilitatsiya va protezlash, nogironlikni elektron tarzda belgilash, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibi bo‘yicha batafsil huquqiy tushuntirishlar berilmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Saxovat va ko‘mak” tizimlari orqali ijtimoiy yordam olish, zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, murojaatlarni rasmiylashtirish va davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi tushuntirilmoqda, — deydi O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi raisi Jabbar Narbayev.
Ushbu seminar-treninglar aholining huquqiy bilimini oshirish bilan bir qatorda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini mustaqil himoya qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish, bandlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri