Huquqiy masalalarning elektron yechimlari
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi – LexUz ham bugungi kun talabidan kelib chiqib yanada takomillashtirildi. Jumladan, bazada hujjatlarni izlash tizimi yangilandi. Zamonaviy hamda ommabop android tizimli mobil telefonlarda ishlash uchun maxsus dasturiy vosita ishlab chiqildi.
Hayotda huquqshunosga ishi tushmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Chunki kundalik turmushda har birimiz huquqiy yechimga ega bo‘lgan ko‘plab masalalar va savollarga tez-tez duch kelamiz.Aytaylik, oila qurdingiz, farzand ko‘rdingiz yoki yangi uy sotib oldingiz. Bularni hujjatlashtirish, ya’ni oila huquqiy maqom olishi, farzandingizga ism berilishi, mulk huquqi vujudga kelishi uchun adliya idoralarida tegishli amaliyotlar rasmiylashtiriladi.
Aynan shu jarayonlarni esga olsak, soatlab navbat kutganimiz, tumonat odam orasida navbatimiz adashib, asabiylashganimiz ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Aniqroq aytganda, avvallari notarial idora yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlariga borsak, bir kunimiz ketardi.
Ushbu masalalarda aholiga qulaylik yaratish, sohada uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish uchun tizimga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Bu jarayon o‘zining qator afzalliklarini namoyon etib ulgurdi.
– Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi direktori Shuhrat Yaminov. – Vazirlikda bu borada “Justice” elektron hujjat aylanish tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ish tezkorligi va samaradorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash va nazoratni yaxshilash imkonini berdi. Hududiy adliya idoralarining tizimga ulangani sohadagi faoliyatni yangi bosqichga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu qog‘oz sarfi keskin qisqarishiga, ishda aniqlik oshishiga va iqtisodiy samaradorlikka zamin yaratdi.
Avvalo, vazirlik veb-sayti modernizatsiya qilindi. Bosh sahifaning barcha qulayliklarni mujassamlashtirgan yangi dizayni yaratildi. Unda yangi bo‘limlar ochilishi bilan birga, saytning mobil qurilmalar uchun maxsus ko‘rinishi ishga tushdi. Bu borada imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham qulayliklar yaratildi.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi – LexUz ham bugungi kun talabidan kelib chiqib yanada takomillashtirildi. Jumladan, bazada hujjatlarni izlash tizimi yangilandi. Zamonaviy hamda ommabop android tizimli mobil telefonlarda ishlash uchun maxsus dasturiy vosita ishlab chiqildi. Yangilanish natijasida tizim foydalanuvchilari yanada oshdi. Ayni paytda ularning soni bir oyda 150 mingdan ziyodni tashkil etayotir.
FHDYo organlarida “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari yagona elektron arxivi” yaratildi va yagona tarmoqqa ulandi. Buning ahamiyati shundaki, tug‘ilganlik, nikoh tuzganlik bilan bog‘liq ma’lumotlar yoki yaqin kishilarning vafotiga oid hujjatlarni qidirish uchun endi soatlab vaqt ketmaydi. Elektron arxiv orqali ularni bir lahzada topish mumkin.
Zamonaviy texnologiyalar tufayli notarial idoralarda ham endi navbat kutmaysiz. Notariuslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni tartibga solishga qaratilgan “Notarial harakatlar hisobi” elektron dasturi bunga sharoit yaratadi. Vazirlik veb-saytiga joylashtirilgan bu tizim orqali fuqarolar notarial idoraga borishdan oldin notarial harakatlarni, ya’ni davlat boji, huquqiy xizmat haqi va hokazolarni o‘zi hisoblashi mumkin.
Yanada ahamiyatlisi, hademay notarius qabuliga elektron usulda yozilish orqali aniq bir vaqtda borib ishingizni bitirishingiz mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda bo‘sh vaqtingizga qarab notariusni tanlash imkoni ham bor. Chunki sohaga joriy etilayotgan dasturlarda qaysi notarius huzurida qancha odam borligi, qaysi notarial idorada navbatda turganlar kamligini aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Hozir ko‘chmas mulk va avtotransport vositalariga qo‘yilgan taqiqlarni markazlashgan holda yuritish va ular bo‘yicha harakatlarni qayd qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot yaratildi. Dastur dastlab Toshkent shahar Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushirildi. Kelgusida dastur yanada takomillashtirilib, mamlakatimiz bo‘ylab joriy qilinadi. Bu fuqarolarga avtotransport vositalarini yurtimizning istalgan burchagida bemalol sotish imkonini beradi. Chunki bugungi kunda mulkka taqiq qo‘yilmagani haqida faqat yashash joyidagi notarial idoradan ma’lumotnoma olish mumkinligi ayrim ovoragarchiliklarga sabab bo‘layotir. Yangi tizimning ishga tushishi bunday ma’lumotnoma talab qilinishi bekor bo‘lishiga olib keladi.
Sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi adolat o‘rnatilishi, fuqarolar huquqlari tiklanishining muhim shartidir. Axir har qanday qaror ijrosi bilan kuchli va ahamiyatli. Bu jarayonni tartibga solish va samaradorligini oshirish uchun “E-Ijro” tizimi yaratilmoqda. Ijro hujjatlarining elektron ma’lumotlar bazasini tashkil etuvchi bu tizim ijro qilinishi kerak bo‘lgan hujjatlar hisobini yuritish, ijro etish muddatlariga rioya etilishini nazorat qilish, ijro hujjatlaridagi undiruvning hisobini yuritish, statistik hisobotlarni avtomatik tarzda tayyorlashga yo‘l ochadi. Tizim alimentlarni undirish, mol-mulk qidiruvi, qidiruv e’lon qilingan qarzdor shaxslar, avtomototransport vositalari, ma’muriy va jinoiy jarimaga tortilgan shaxslarni aniqlash, arxiv va hisobotlar, boshqa tashkilotlar bilan ma’lumot almashinuvi tashkil qilishga imkon yaratadi.
Bundan tashqari, vazirlik tizimida tadbirkorlar manfaatini ta’minlashga qaratilgan dasturiy mahsulotlar ham amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobiga qayd etishning elektron tizimi joriy etilgani tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning zudlik bilan oldini olishga xizmat qilmoqda. Chunki har qanday tekshiruvchi ish boshlashdan oldin ushbu elektron kitobga o‘zi haqidagi va tekshirish o‘tkazishga asos bo‘lgan ma’lumotlarni kiritadi. Ma’lumotlar tegishli tartibda uni monitoring qiluvchi xizmatga kelib tushadi va tahlildan o‘tadi. Bu jarayonda noqonuniy tekshirish avtomatik ravishda bir zumda aniqlanadi.
Qonunchiligimizda nazorat organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari va nazorat sohasi doirasidan tashqaridagi masalalar bo‘yicha tekshirish o‘tkazgani, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-noyabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan internet tarmog‘i orqali ham murojaat qilishi mumkin. Bu ularga zarur qulaylik yaratgan holda, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishda ham muhim omil bo‘lmoqda.
Buning uchun internet tarmog‘i orqali www.my.gov.uz yagona interfaol davlat xizmatlari portaliga kirasiz. Undan tadbirkorlikka oid bo‘limni topib, "Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish" tizimiga o‘tasiz. Shu yerda shaxsingiz, faoliyatingizga oid ma’lumotlar talab qilingan sahifani to‘ldirib, uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaysiz. Qarabsizki, sizga internet orqali tadbirkorlik faoliyati yuritish huquqini beruvchi elektron ko‘rinishdagi guvohnoma keladi va siz tadbirkorga aylanasiz.
Bundan o‘n-o‘n besh yil muqaddam kichik korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bir necha idoraga murojaat qilish va ko‘plab hujjat taqdim etish talab qilinishini eslasak, yangi tizim afzalliklari ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning eng qisqa va soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir qonunchilikka qat’iy rioya etilishi adliya idoralarining doimiy e’tiborida. Bu borada tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi inspeksiyalar faoliyati doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari o‘z vaqtida bartaraf etilayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari manfaatlari doimo davlatimiz, jamiyatimiz va qonun himoyasida. Ushbu maqsadda yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar huquqlarimiz yuksak darajada himoya qilinishi va ta’minlanishiga xizmat qiladi.