Huquq va erkinlik kafolati
9 aprel Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
1993 yil 9 aprel kuni XII chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining XII sessiyasida davlatimizning asosiy qonuni bo‘lgan Konstitutsiya qabul qilindi va umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi. Bu bayramni xalqimiz davlatimizdagi adolat, qonun ustuvorligini his qilgan holda erkin demokratik fuqarolik jamiyat, huquqiy davlat qurish yo‘lidagi ishonchli qadam tashlagan kun sifatida har yili tantanali ravishda nishonlab keladi.
Konstitutsiya har bir davlat va xalqning orzu-maqsadlari, ma’naviy, ijtimoiy ong va madaniyatini har tomonlama aks ettiruvchi qonundir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi jamiyat qurish, yangidan-yangi imkoniyatlar yaratib beruvchi tarixiy hujjat sifatida e’zozlanib kelinmoqda. Uning qabul qilinishi bilan davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlar, qonunchilikning barcha sohalarini tartibga soluvchi huquqiy tizim yaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 121 moddadan iborat bo‘lib, uning barcha moddalarida dunyoda umume’tirof etilgan tamoyillar, xalqaro huquq normalari va boshqa bir qator xalqaro hujjatlardagi umuminsoniy tamoyillar mujassamdir.
Asosiy qonunda insonning ijtimoiy huquqlariga ham katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ayniqsa, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanish, dam olish, ijtimoiy ta’minot olish kabi huquqlarni alohida konstitutsiyaviy darajada e’tirof etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘zining qonun bilan mustahkamlangan davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Inson manfaatlarini ta’minlash, xalq bilan muloqot qilish, istak va takliflarini e’tiborga olishda ularning murojaat qilish huquqi Konstitutsiyada kafolatlanganligi bilan ahamiyatlidir.
Baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz millatidan qat’iy nazar barcha yurtdoshimizning butun bir imkoniyati va majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, hali uzoq yillar davomida Qoraqalpog‘istonning baxtli va kelajagi buyuk avlodlari uchun ham munosib xizmat qiladi.
D.Bimuratov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi sho‘’ba mudiri.
O‘zA