Hunarmandlik an’analari davom etmoqda
Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida mashhur hunarmandning ko‘rgazmasi ish boshladi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimligi mas’ullari, “Hunarmand” uyushmasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, hududdagi usta hunarmandlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida aholini hunarmandchilikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, “usta-shogird” an’analari asosida mahallalarda yoshlarga hunar o‘rgatish va bandligini ta’minlash maqsadida bir qator vazifalar belgilandi.

Xususan, joriy yilda viloyat markazlarida hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosiga ixtisoslashgan maxsus savdo pavilonlari tashkil etilib, turistik marshrutlarga kiritildi. Joylarda “Hunarmandlar markazlari”, “Usta-shogird” maktablari barpo etilib yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi 5 yilda mamlakatimizdagi usta-hunarmandlar soni 260 ming nafarga yetdi. Shu vaqt davomida xalq amaliy san’ati milliy katalogi yaratilib, faxriy va xalqaro ko‘rgazma, tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 340 nafar ustalar ushbu katalogdan o‘rin olgan. Shuningdek, 1,5 mingga yaqin hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, soha rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda.

Xususan, B.Madraimovning ko‘rgazma pavilonida ham 20 dan ortiq shogirdlari bilan birga yog‘ochdan yasagan 600 ga yaqin bir-birini takrorlamaydigan buyumlari namoyish etilgan.
– Mahsulot tayyorlashda ishlatadigan xomashyoning 90 foizi daraxt ildizlaridan qilinadi, – deydi hunarmand Behzod Madraimov.

– Tabiiy shakl berilgan hunarmandchilik namunalarimizga qiziquvchilar juda ko‘p. Bu ish qanchalik mashaqqatli va ko‘p vaqt talab qilishiga qaramay ko‘plab shogirdlarimiz o‘rganyapti. Ular orasida mustaqil ravishda xorijdan bo‘layotgan talab va takliflar asosida go‘zal san’at asarlarini yasayotganlari ham borligi meni xursand qiladi. bugungi kunda amalga oshirmoqchi bo‘lgan yangi loyihalarimiz uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratilyapti. Bu esa kelgusi faoliyatimizni yanada rivojlantirishga yordam beradi.
Ayni paytda hunarmand Behzod Madraimov yasayotgan mahsulotlar Dubay shahriga eksport qilinyapti. Uning ustaxonasida 12 nafar ishchi mehnat qiladi.

A.Musayev, O‘zA