Hunarmandlarimizning xalqaro e’tirofi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020 yilning 4-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC-ARR) 38-Bosh Assambleyasida onlayn ishtirok etishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi "Hunarmand" uyushmasi rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Assambleya yig‘ilishida Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga 2021-2024 yillarda Prezidentlik qilish vazifasi O‘zbekistonga yuklatilishi ratifikatsiya qilinadi.
Anjumanda 34ta mamlakatdan 80 dan ortiq delegatlar, jumladan, Butunjahon Hunarmandlar Kengashi Prezidenti Rozi Grinliz, tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi Prezidenti Gada Qaddumi, Yevropa, Afrika, Lotin va Shimoliy Amerika qit’alarining tashkilot prezidentlari, Boshqaruv Kengashi a’zolari hamda a’zo mamlakatlar milliy tashkilotlari ishtirok etadi.
Tadbir dasturi 3 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, Assambleya yig‘ilishida ko‘riladigan asosiy masala Butunjahon Hunarmandlar Kengashi – Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasining 2021-2024 yillar Prezidentligini O‘zbekistonga topshirishni ratifikatsiya qilish, Boshqaruv Kengashi yig‘ilishini o‘tkazish, Xalqaro Simpozium hamda hunarmandlar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etishdan iborat.
Ushbu xalqaro tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani Mintaqasi bo‘yicha ofisini O‘zbekistonga ko‘chirish va nufuzli tadbirlarini yurtimizda o‘tkazish mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni ijrosi haqida ham axborot berildi. Jumladan, farmon qabul qilingunga qadar “Hunarmand” uyushmasidan ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandlar soni 9 ming 823 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 37 ming 599 nafarga, ya’ni 4 barobarga ko‘paygani ta’kidlandi.
Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2018 yilda 40 ming 338 ish o‘rni tashkil etilgan bo‘lsa, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 48 175 taga ortdi. Band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlar “ustoz-shogird” an’analari asosida hunarmandlarga shogird qilib berilmoqda. Joriy yilda 74 ming 329 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Yurtimizda hunarmandchilikka berilayotgan e’tibor va uni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar sohaga oid xalqaro tashkilot va ekspetlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, 2019 yil 10-15 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalining o‘tkazilgani xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash hamda qayta tiklashga zamin bo‘lganligi alohida ta’kidlanadi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA