Hududlarning turizm imkoniyatlari oshirilmoqda
Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yil sayin yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy va xorijlik sayyohlar sonini oshirish, joylarda jamoat transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish hamda joylarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tizimli ishlar qilinyapti.
Joriy yil boshidan buyon hududdagi sayyohlik manzillariga jami 8,5 million nafar sayyoh kelgan. Shundan 7,9 million nafari mahalliy sayyohlar, 547,3 ming nafari xorijiy sayyohlardir. Biroq Toshkent viloyatiga keluvchi asosiy kontingent poytaxt aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, joriy yil davomida qo‘shni davlatlarga muntazam Toshkent viloyati delegatsiyasi tashrif buyurib, sayohatchilarni jalb etish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumlari imzolanyapti. Natijada Toshkent viloyatiga chetdan tashrif buyuruvchilar soni 142 ming nafardan 256 ming nafarga, qariyb ikki barobarga ortdi.

Qolaversa, xorij davlatlariga muntazam Toshkent viloyati delegatsiyasi tashrif buyurib, sayohatchilarni jalb etish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumlari imzolanyapti. Xususan, iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasining Uxan shahrida O‘zbekiston turizm yiliga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida Xubey provinsiyasining sayyohlik targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati delegatsiyasi ham faol qatnashib, hamkorlarga hududning turizm salohiyati, tabiiy go‘zalliklari, madaniy meros ob’ektlari, eko va ekstremal turizm yo‘nalishlari, gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yakunda O‘zbekiston va Xitoy turoperatorlari o‘rtasida 6 tadan ortiq hamkorlik bitimlari imzolandi. Ular o‘zaro sayyohlik oqimini oshirish va qo‘shma turistik dasturlarni rivojlantirish borasida kelishib olindi.

Endilikda Ohangaron tumanidagi Ovjazsoy, Ertoshsoy sayyohlik qishloqlari, Arashan ko‘llar tizmasi, ko‘plab so‘lim maskanlardagi ziyoratgohlar, shuningdek, Angren tog‘lari etaklarida joylashgan dam olish maskanlari, xususan, “Yangiobod dam olish maskani”ning so‘lim havosi, ko‘plab buloqlari, ajoyib o‘simlik hamda hayvonot dunyosi ham xalq orasida ommalashyapti. Shu sababli ushbu yo‘nalishda investorlarni jalb qilgan holda infratuzilmani rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu maskanlarda 2026 yilga qadar umumiy qiymati 529 million dollar bo‘lgan 70 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida ushbu hududlarda 3 ming 258 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan turizmni rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlariga asosan tog‘li tuman-shaharlarda “Kapsula mehmon uylari”ni tashkil etish vazifasi berilgan edi. Shu bo‘yicha rejadagi manzillarda glemping, kapsula va modulli mehmonxonalar tashkil etish bo‘yicha loyihalar paketi shakllantirildi. Jumladan, Angren shahrida 20 ta, Ohangaron tumanida 30 ta, Parkent tumanida 22 ta, Bo‘stonliq tumanida 12 ta “Kapsula mehmon uylari”ni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
Umuman olganda, hududni sayyohlarga ko‘proq tanishtirish, ularga qulay sharoit yaratish, mazkur sohada tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi bunday sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga navbatdagi tashrifi ham joylarda yangidan yangi tashabbus va loyihalar qamrovini oshirishga xizmat qiladi. Pirovardida bu xalqimizning farovonlik sari ildam harakatlar qilishiga yordam beradi.
A.Musayev,O‘zA