Hududiy aeroportlarga investitsiya – istiqbolli g‘oya
O‘zbekiston keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar va global integratsiya jarayonida, jumladan, aviatsiya sohasini ham jadal rivojlantirmoqda. Xususan, aeroport infratuzilmasiga sarmoya kiritish ustuvor yo‘nalishga aylangan mamlakatimizni Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqni bog‘lovchi mintaqaviy transport markaziga aylantirish maqsad qilingan. Binobarin, soha rivoji infratuzilmani takomillashtirish, xorijiy hamkorlikni kengaytirish orqali yo‘lovchilar oqimini tezlashtirish bilan bog‘liq ulkan salohiyatga ega.
Talab ortishi va strategik joylashuv
Markaziy Osiyodagi geografik joylashuv O‘zbekistonni tranzit aviatsiya uchun qulay hududga aylantirgan. Mamlakat Sharq va G‘arb, shuningdek, Shimol va Janub yo‘nalishlarini bog‘lash imkoniyatiga ega. Samarali tranzit tizimi ayrim yo‘nalishlarda parvoz vaqtini 2 soatgacha qisqartirish evaziga yonilg‘i sarfini ancha kamaytirishi mumkin.
Masalan, Samarqand yirik xalqaro aviatsiya markazi sifatida rivojlanish uchun eng istiqbolli hududlardan biridir. Ushbu ko‘hna kentning tarixiy ahamiyati, turizm salohiyati va janubiy hududlardagi GTL yonilg‘i resurslariga yaqinligi mazkur salohiyatni yanada kuchaytiradi.
Jahon darajasidagi aeroport konsepsiyasi
Kelajakda Samarqand yiliga 30-60 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy xalqaro aeroportga ega bo‘lishi mumkin. Bunday loyiha doirasida qariyb 80 ta darvoza, alohida kirish va chiqish zonalari barpo etilib, asosiy e’tibor tranzit yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilishi lozim. Aeroport quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi muhim:
– Ekologik toza va energiya tejamkor dizayn;
– Zamonaviy va xavfsiz uchish-qo‘nish yo‘laklari;
– Mehmonxona, tibbiy xizmat xonasi, dam olish hududi va boshqa qulayliklardan iborat keng qamrovli infratuzilma;
– Mashhur xalqaro brendlarning savdo va ovqatlanish maskanlari;
– Madaniy va innovatsion unsurlar bilan boyitilgan noyob interer.
Bundan tashqari tranzit yo‘lovchilar uchun Samarqand bo‘ylab qisqa ekskursiyalar tashkil etish ham turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy samaradorlik va global raqobat
Dastlab salmoqli investitsiya talab qiladigan bunday yirik loyihalar uzoq muddatda milliardlab daromad keltirishi mumkin. Aeroportlar sayyohlik sohasini rivojlantiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va biznes faolligini oshiradi. Qolaversa, O‘zbekistonni zamonaviy “Ipak yo‘li” markaziga aylantirishga munosib hissa qo‘shadi. Xalqaro darajada raqobatbardoshlikka erishish uchun mahalliy aeroportlar “Singapore Changi Airport” va “Hamad International Airport” kabi jamoalar ilg‘or tajribasini o‘rganishi va amaliyotga joriy etishi zarur.
Kadrlar tayyorlash va aviatsiya ekotizimi
Barqaror taraqqiyot uchun infratuzilma bilan bir qatorda malakali kadrlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda uchuvchilar tayyorlash markazlari va aviatsiya akademiyalari tashkil etish zarurati tug‘iladi. Shu tariqa sohaning uzluksiz rivoji ta’minlanadi.
Yuk tashish va logistika salohiyati
O‘zbekistondanafaqat yo‘lovchi aviatsiyasi, balki havo orqali yuk tashish bo‘yicha ham mintaqaviy markazga aylanish imkoni mavjud. Masalan, Qarshi shahridagi Xonobod aeroportini ayni yo‘nalishda faoliyat olib boradigan yirik majmuaga aylantirish strategik jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Bu maskanning geografik joylashuvi qo‘shni davlatlar bilan savdoni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Mazkur loyiha “Al Maktoum International Airport” tajribasiga o‘xshash tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Mahalliy aviatsiya sanoatini tiklash
Mamlakatimiz Toshkent aviatsiya zavodini qayta tiklash orqali samolyot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ega. Bu tashabbus ham O‘zbekistonning sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Xullas, respublikamiz aviatsiya sanoati jadal rivojlanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Aholi soni tez o‘sishi va strategik joylashuv cheksiz imkoniyatlar yaratmoqda. Aeroportlar, logistika va soha ta’limiga yo‘naltirilgan sarmoya iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi, yangi ish o‘rinlari ochilishini ta’minlaydi va mamlakatni global iqtisodiyotga yanada chuqur integratsiya qiladi. Ushbu ezgu maqsadlarga erishish esa uzoq muddatli strategiya va keng qamrovli innovatsion yondashuvnitaqozo qiladi.
Durbek Sobirov,
xalqaro ekspert