Hozir qaysi kitobni o‘qiyapsiz?
Tuman hokimlaridan biri bilan suhbatlashib o‘tirganimizda ish stolidagi kitoblar haqida gapira turib bizga shunday savol berganidan xursand bo‘lgandim. Sababi ko‘p rahbarlarning xonasida noyob kitoblar turganini ko‘rib hayratlanganimizda ayrimlarning bu kitoblarni shunchaki yig‘ib yurishi yoki sovg‘a sifatida keltirilganini aytib, hafsalamizni pir qilgani uchun bu rahbarning kitobxonligidan ham, savolidan ham rostakamiga hayratlangandim.
Hozir rahbarlarning ishi boshidan oshib yotibdi, kitob o‘qishga vaqt qayoqda, deysizmi? To‘g‘ri, ish ko‘p (hech qachon kam bo‘lmagan), lekin dam oladigan, ishdan biroz chalg‘iydigan vaqt ham bo‘ladi-ku. Dam olish kunlari-chi? Ana, vaqt topayotganlar, o‘qiyotganlar bor ekan. Nazarimda, gap ish ko‘pligida, vaqt kamligida emas, o‘zimizda, kitob o‘qishga hafsala qilishimizda.
Yoshi yetmishdan oshgan ustozlarimizdan biri “yaxshiyam kitob bor ekan, vaqtim bekor o‘tmaydi, yo‘qsa, allaqachon boshqa tengdoshlarimga o‘xshab ko‘rpa-to‘shak qilib yotib olarmidim yoki choyxonadan beri kelmaydigan boboy bo‘lib qolarmidim” dedi yaqinda uchrashganimizda.
Ustozimiz – katta avlod vakili, yoshligidan kitob o‘qib o‘rgangan. Bir umr shu odatiga amal qilib kelyapti. Afsuski, bugun ko‘pchiligimiz – xoh u rahbar yoki xodim, xoh keksa yoki yosh bo‘lsin, vaqtni bahona qilib kitob o‘qimaymiz. Hatto, shunday toifa kishilar paydo bo‘ldiki, kitob, gazeta o‘qimasligi, televizor ko‘rmasligi bilan maqtanadi, dunyoni ijtimoiy tarmoq orqali anglaydi. Balki shuning uchun fikrlar sayoz, dunyoqarash o‘ziga yarasha, ikkita so‘zni bir-biriga bog‘lab gapirish mushkuldir ularga.
Bir hafta – o‘n kuncha avval yangicha ko‘rinish va imkoniyatlarga ega bo‘lgan viloyat musiqali drama teatrida ikkita katta tadbir tashkil etildi (ammo hali teatr rasman foydalanishga topshirilmagan, spektakllar namoyishi boshlanmagan, tez orada ochilib qolar). Katta bir tashkilotda ishlaydigan tanishim “teatr juda chiroyli joy ekan-ku hech kelmagandim, afsus, vaqt yo‘q, bo‘lmasa oila bilan kelib dam olib ketsak yaxshi bo‘larkan” dedi.
– Nega vaqt bo‘lmas ekan, yakshanba kungi bitta gashtakdan kechib kelsa, bo‘ladi, – dedim hazillashib. – Unday qilsa bo‘ladi, lekin ulfatlar ranjiydi-da... Ha, shunday, istasak, vaqt topamiz – kitob o‘qishga ham, teatr, muzeylarga borish, bahavo joylarda hordiq chiqarishga ham. Biz shu holatda bo‘lganimizdan keyin farzandlarimizdan nimani kutishimiz kerak. O‘zi qo‘liga kitob olmaydigan ota-ona farzandiga qanday qilib kitob o‘qi, deydi. Aytganda ham bolasi kitob o‘qirmikan? Farzandingizni kutubxonaga, teatr yoki muzeyga olib bormay turib, u ulg‘ayganda shunday joylarga borishini kutish o‘rinlimikan?!
O‘tgan yil viloyat teatrida shu kunning mavzusidagi asar sahnalashtirildi. Ko‘pchilik ko‘rdi. Ayrim tashkilotlar, idoralar jamoaviy tarzda, oilaviy borib spektaklni tomosha qildi. O‘sha paytda uchta nufuzli idora vakillaridan “asardagi noqobil farzand bizning sohadagi xodimga o‘xshab qopti, keyingi namoyishlarda o‘zgartirishning imkoni bo‘larmikan” degan gapini eshitdim. Demak, asar kimlargadir ta’sir qilgan, qahramonlarda o‘zini yoki hamkasblarini ko‘rgan. Bu ham ibrat, ham tarbiyaning bir usuli. Bugun zamon o‘zgargan, dunyoqarash o‘zgacha. Kitob o‘qimasdan, teatr yoki muzeyga bormasdan ham o‘sha zavqni tuyish mumkin, deyishga shoshilmang. Kimlar uchun balki shundaydir.
Ammo bugun hayotimizda telefon, internet, ijtimoiy tarmoq singari kitob, madaniyat va san’atning ham o‘z o‘rni bor. Birining o‘rnini boshqasi bilan to‘ldirib bo‘lmasa kerak. Buni anglasakku yaxshi, aks holda bu bo‘shliqning o‘rnini o‘tkinchi hislar bilan to‘ldirishga harakat qilamiz. Aql o‘rgatmoqchi emasmiz, shunchaki ko‘rgan-bilganlarimizdan kelib chiqib, ayrim fikrlarimni bildirdim xolos.
G‘olib HASANOV, O‘zA