Hokim yordamchilari malaka oshirmoqda
Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘llari” mavzusida malaka oshirish seminari o‘tkazilmoqda.
Unga Farg‘ona shahri va yaqin hududlardan 205 nafar hokim yordamchilari jalb etildi. Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 19 aprel kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan hokim yordamchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish belgilandi.
Seminar avvalida bu borada viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, viloyatda 1 ming 55 ta mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan jami 759,2 ming xonadonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, “Onlayn mahalla” (www.online-mahalla.uz) platformasiga kiritilgan. 2022 yilning birinchi chorak natijalari bo‘yicha viloyatdagi hokim yordamchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari 100 ballgacha tizim bo‘yicha baholandi.
Viloyat bo‘yicha Bag‘dod tumani "Chekxitoy" mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Nurmat G‘oziyev faoliyati 98,18 ball bilan eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, yetarli darajada ish tashkil etmagan hokim yordamchilari faoliyati tanqid qilindi. Tashkil etilgan ikki kunlik seminarga oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, mutaxassislar ham taklif etilib, ular tomonidan ishtirokchilarga o‘z faoliyatlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha zarur tavsiya va yo‘riqnomalar berilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA