Hokim yordamchilari malaka oshiradi
Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi qaroriga asosan, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash maqsadida 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran butunlay yangi tizim – har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda.
Shu munosabat bilan Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirgan 150 nafar Respublika treneri ikki hafta davomida vazirliklar va idoralarning viloyat, tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlaridan iborat 2 ming 526 nafar hududiy trenerni tayyorlash maqsadida seminar-treninglar olib bordi. Joriy yil 30 noyabr – 4 dekabr kunlari 17 ta vazirlik va idoradan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida hokim yordamchilarini o‘qitadigan 169 nafar trener uchun o‘quv va amaliy darslar o‘tkazildi.

Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, o‘quv natijalari bo‘yicha Respublika test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkazilib, yakunda barcha trenerlar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ularga sertifikatlar taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jarayonlarning keyingi bosqichlarida muvaffaqqiyatli malaka oshirgan trenerlar tomonidan viloyatdagi mavjud 777 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun tanlab olinadigan hokim yordamchilarini o‘qitish vazifasi belgilangan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA