Hokim ovul aholisi muammolarini o‘rgandi
Navoiy viloyati Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev aholi muammolari va murojaatlarini o‘rganish, ularga yechim topish maqsadida tumanning olis hududlaridan biri Besquduq ovulida bo‘ldi.
Mazkur ovul tuman markazidan 350 kilometr olisda Qozog‘iston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan. Bu yerda 151 nafar qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qilib, asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, shu vaqtga qadar hududga biror marta viloyat va tuman mutasaddilari tashrif buyurmagan.

– Mening yoshim 78 da, – deydi Kadirbek Berdishov. – Tuman hokimi boshchiligidagi mutasaddilarning bizning ovulimizga kelganidan xursand bo‘ldik. Boisi, shu vaqtga qadar biror bir mas’ul ahvolimizni so‘rab, xabar olmagan. Muammolarimiz bilan qiziqmagan.
Tuman hokimligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, hokim boshchiligidagi mutasaddilar uyma-uy yurib, ovulda yashovchi aholining dardu-tashvishlari, murojaatlarini o‘rgangan. Har bir fuqaro bilan suhbatlashib, ularning muammolari, taklif va fikrlari bilan qiziqqan.

Uchrashuvlarda aniqlangan ichimlik suv muammosi bo‘yicha tuman hokimi o‘z fikrlarini bildirib, tik quduq qazish orqali bu muammo bartaraf etilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda ovul yoshlariga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirilib, tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan ona Vatan, millatlararo tinchlik va do‘stlik, yoshlik va muhabbatni tarannum etuvchi dilrabo kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA