Hokim o‘rinbosari jarimaga tortildi
“Davr” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) Shumanay tumani hokimi o‘rinbosari N.Nning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Shumanay tumani hokimi o‘rinbosariga MCHJning yer maydoni ajratish yuzasidan murojaati kelib tushgan. Ammo hokim o‘rinbosari tomonidan murojaat asossiz ravishda javobsiz qoldirilgan, bu esa “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning talablariga ziddir.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan Shumanay tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Natijada Jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tumani sudi tomonidan Shumanay tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan “Davr” MCHJning murojaatiga yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solindi.
Ma’lumki, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning xususiy mulkka doir huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolat berilgan. Prezident huzuridagi mazkur tashkilot nafaqat yozma ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish orqali, balki ma’muriy javobgarlik mexanizmini ishga solgan holda xususiy mulkka daxl qilish holatlariga qarshi kurasha oladigan tashkilot sifatida tadbirkorlarimiz ishonchiga kirmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA