Hindiston bozorida O‘zbekiston turizmi targ‘ib qilinadi
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida sayyohlik almashinuvini kengaytirish, madaniyat va kreativ sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning Hindistondagi zamonaviy turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov Hindistonning turizm va madaniyat bo‘yicha elchisi Ritu Beri bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi.

Muloqotda turizm bilan bir qatorda madaniyat, san’at, hunarmandchilik, moda va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini Hindiston bozorida keng targ‘ib qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Hindiston munosabatlari strategik ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Jumladan, 2026-yil avgust oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama aloqalarni kompleks strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

Tashrif doirasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Turizm sohasida hamkorlik dasturi imzolangani ham alohida ta’kidlandi. Mazkur hujjat turizm almashinuvini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy tadbirlar o‘tkazish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hindiston fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish imkoniyatlarining kengayishi ham sayyohlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab belgilangan talablarga javob beradigan, ayrim davlatlarning amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turizm vizasiga ega hamda o‘z yoki uchinchi mamlakatga aviachiptasini taqdim etgan Hindiston fuqarolariga O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyati berildi.
Aviaaloqa ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda. 28-sentabrdan «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Haydarobod–Toshkent yo‘nalishida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat sayyohlik, balki ishbilarmonlik aloqalarini ham kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yangi aviaqatnov munosabati bilan 2–5-oktabr kunlari Haydarobod turizm sohasi vakillari uchun O‘zbekistonga tanishuv safari tashkil etildi. 5-oktabr kuni Toshkentda O‘zbekiston–Hindiston Travel & Tourism Business Forum hamda B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Uchrashuvda Hindistonning moda, dizayn va kreativ industriyadagi tajribasidan foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. Xususan, Hindistonning moda, dizayn va ixtisoslashgan media sohasi vakillari ishtirokida O‘zbekistonga kreativ tanishuv safari tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi zamonaviy sayyohlik imidjini shakllantirishga qaratilgan media va kreativ loyihalarni amalga oshirish, nufuzli dizaynerlar, ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari, madaniy platformalar va jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarni mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib qilish jarayonlariga jalb etish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Hindistonning to‘y industriyasidagi yetakchi vakillari hamda nufuzli ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, mamlakatimizda hind filmini suratga olish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirildi.
Shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni tizimli amalga oshirish maqsadida alohida «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.
Umuman, yangi aviaqatnovlar, qulaylashtirilgan kirish imkoniyatlari va madaniy-kreativ loyihalar O‘zbekiston–Hindiston turizm aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Bu esa Hindiston bozorida O‘zbekistonning turistik brendini yanada keng tanitish va ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA