Hindiston AQSH sanksiyasi tufayli Rossiya nefti xaridini ikki barobar kamaytirmoqchi
“Bloomberg” agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolangan “do‘zaxiy sanksiya” qonuni tufayli Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyadan xom ashyo sotib olishni qariyb ikki barobar qisqartirish rejasini tuzgan.
2026-yil Hindiston bozorida RF nefti ulushi 40 foizga yetib, iyun-iyul oylarida Yaqin Sharqdan keladigan miqdorni falaj qilgan Hurmuz bo‘g‘ozi qamali tufayli bu ko‘rsatkich 50 foizdan ham oshdi.
Ta’kidlanishicha, rus neftining eng yirik xaridorlariga 100 foizgacha boj joriy etish imkonini beruvchi “Grem qonuni” ta’sirida Hindiston yaqin kelajakda importdagi ulushini 20-30 foiz kamaytirishi mumkin.
– Rossiya mahsuloti endi hindlar uchun foydali emas, – deb yozgan “Bloomberg” “Argus” ma’lumotiga tayanib. – Ilgari RF nefti Hindistonga sezilarli chegirma bilan sotilgan bo‘lsa, hozirgi narx “Brent” navidan qimmat – barreli uchun 133 dollar.

Tramp “agar lozim bo‘lsa” Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy sanksiya” qonunini qo‘llanishini aytgandi.
– O‘tgan hafta senator Lindsi Grem sharafiga Kongress tomonidan qabul qilingan, bizga tarif joriy qilish uchun beqiyos yangi vakolat beradigan muhim qonun loyihasini imzoladim, – degan u BMT Bosh Assambleyasida. – Agar kerak bo‘lsa, shu imkoniyatdan foydalanishga majbur bo‘lamiz.
Shuningdek, Amerika yetakchisi Rossiya – Ukraina mojarosi kutilganidan tezroq hal bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirgan.
S.Rahimov, O‘zA