Himoya orderini onlayn tarzda olish mumkinmi?
Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi.
Endi himoya orderlarini YAIDXP orqali va profilaktika inspektori tashabbusi bilan takroriy hodisalarda onlayn olish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga YAIDXP orqali himoya orderi berish, orderni elektron shaklda berish, himoya orderini berish jarayonini avtomatlashtirish, profilaktika inspektori tomonidan himoya orderini tashabbus tartibida berish kabi vazifalar nazarda tutilgan.
Himoya orderi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq, zo‘ravonlik holati yoki ularning yuzaga kelish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida beriladi. YAIDXP orqali himoya orderini rasmiylashtirish va berish bepul amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, joriy yil 1 dekabrdan boshlab tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlanganda, bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta himoya orderi profilaktika inspektori tomonidan uning tashabbusi bilan beriladi.
Shuningdek, himoya orderini olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan (rais yoki o‘rinbosarlari), ichki ishlar organlari yoki IIV tizimida tashkil etilgan qisqa “Ishonch markazi”ga murojaat qilish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA