Hech kim hayot bekatlarida yolg‘iz qolmasin, matonat esa hamisha g‘olib bo‘lsin
Bekat. Avtobusni kutayotgan odamlar. Kimdir telefonga tikilgan, yana kimdir yo‘ldan ko‘z uzmaydi. Shu payt bekatga bir yigit yaqinlashadi. U oyog‘idagi oqsoqlik sabab qadamni og‘ir, biroz chayqalib tashlardi.
Bekatdagi bir necha o‘smirning nigohi birdaniga unga qadaldi. Ammo ular o‘zlari tomon atrofdagilardan boshqacharoq bir holda kelayotgan insonga shunchaki qarab qo‘yishmadi. Shu payt bu tengqurlardan biri qaddini biroz bukdi. Endi u oqsayotgan yigitning yurishiga sezilar-sezilmas taqlid qila boshladi. Uning bu qilig‘iga sheriklari esa miriqib kuldi.
Bu holatda kulayotganlarning qarshisida hayotning og‘ir sinovini ko‘tarib yurgan inson ko‘rinmas edi go‘yo. Afsuski, yigit buni payqadi. Nigohi yerga qadaldi. Bildirmaslikka urindi. Ammo yuzidagi og‘riq va siniqlikni yashira olmadi.
Ko‘p o‘tmay avtobus keldi. O‘smirlar baqir-chaqir qilgancha ulovga chiqib ketishdi. Boyagi yigit esa singan qalbi bilan bo‘m-bo‘sh bekatda qoldi...
Jamiyatimizda ko‘zga tashlanmaydigan, hech bir zamonaviy tibbiy qurilma ilg‘ay olmaydigan og‘ir bir xastalik bor. Bu o‘zganing nuqsoniga tomosha sifatida qarash dardi. Bu birovning dardini masxaraga aylantirish illati.
Ko‘chada nogironligi bor insonga duch kelsak, ko‘zimiz unga shunday qadaladiki, u qayerga qochishni bilmay hijolat tortadi. Ba’zan esa tabiiy bir qarash o‘rnini piching, mazax va ochiqdan-ochiq kalaka egallaydi. Odam o‘zining qanday dunyoga kelishini tanlamaydi. Ammo qanday inson bo‘lib yashashni har kim o‘zi tanlay oladi. A’zolar sog‘lom bo‘lib, vijdon xastalangani esa eng og‘riqli bo‘ladi.
Og‘riqning yana bir ildizi oilaga borib taqaladi. Ba’zan maxsus ehtiyojli farzand tug‘ilgan xonadonda mehr ham sinovdan o‘tadi. Kimdir bolasini bag‘riga bosib, uni oyoqqa qo‘yish uchun borini beradi.
Yana kimdir bunday holatda uyaladi. Mahalla-ko‘ydan, qarindoshlardan yashirishga urinadi. Bolani faqat moddiy ta’minot, davlat nafaqasi ajratilgani uchun parvarishlayotganday bo‘ladi. Uning orzulari, qalbi, ta’lim olishi va odamlar orasiga qo‘shilishini unutib qo‘yadiganlar ham uchraydi.
Vaholanki, bola nafaqa uchun emas, farzand bo‘lgani uchun ardoqlanishi kerak. Himoya qilaman deb uni to‘rt devor ichiga qamab qo‘yish mehr sanalmaydi. Bu ularni hayotdan ajratib tashlash sanaladi.
Adolat nuqtai nazaridan tan olish kerak, keyingi yillarda davlat bu devorlarni buzish uchun jiddiy qadamlar tashlamoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va tegishli davlat idoralari tizimni qog‘ozbozlikdan amaliy ko‘makka burishga kirishdi.

Birgina 2025-yilda 92 ming nafarga yaqin fuqaro zamonaviy protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlangani, ajratilgan mablag‘ esa 138 milliard so‘mdan oshgani va bunday vositalar turlari qariyb ikki barobarga kengaygani rasmiy raqamlarda aks etgan.
Muhimi, bu quruq statistika emas. Bularning ortida bir paytlar uyidan chiqolmagan insonning ilk bor aravachada ko‘chaga chiqqani, yangi protez yordamida oyoqqa turib, farzandini bag‘riga bosgan insonning hayoti turadi. 14 ming nafar imkoniyati cheklangan fuqaroning rasmiy ishga joylashtirilgani esa kimlarningdir birovga ko‘z tikmay qo‘yganini anglatadi.
Yana bir jihati, 650 dan ortiq bog‘chada inklyuziv guruhlar ochilib, minglab bolakaylarning tengdoshlari bilan bir partada o‘tirishi, “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yilishi katta gap sanaladi. Bu kabi choralar ularni jamiyat to‘laqonli qabul qilishi sari tashlangan qadamlardir.
Shu bilan birga, qog‘ozdagi marralar hali hayotdagi to‘siqlar to‘liq bartaraf etilganini anglatmaydi. Poytaxtda yaratilayotgan reabilitatsiya sharoitlari, moslashtirilgan infratuzilma va inklyuziv ta’lim bosqichma-bosqich boshqa hududlarga ham kirib bormoqda. Inson qadri hudud tanlamaydi. Olis qishloqlardagi nogironligi bor bola ham sifatli ta’lim olishga, munosib ish topishga va bemalol harakatlanishga haqli.
Biroq davlat qanchalik infratuzilma yaratmasin, eng murakkab to‘siq odamlarning ongida qolavermoqda.
Bola kattalarning kimgadir barmoq bilan ishora qilib kulganini ko‘rsa, buni odatiy hol deb tushunadi. Farzandlarga nogironligi bor insonni oiladayoq hurmat qilish o‘rgatilmasa, ko‘chada mehrsizlik ildiz otadi.
Biz ko‘pincha xayriya qilish, moddiy yordam ko‘rsatish haqida gapiramiz. Lekin ba’zan eng katta ko‘mak mablag‘ ajratishda emas. Eng yaxshi yordam nogironligi bor odamga duch kelganda yuzini burmaslik, uning harakatlarini hazil mavzusiga aylantirmaslikdir. Zero, nogironlik insonning qadrini tushirmaydi. Birovning nuqsoni ustidan kulish esa odamning o‘z insoniyligini yo‘qqa chiqaradi.
...Avtobus allaqachon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Shaharning shovqinli hayoti hech nima bo‘lmagandek davom etmoqda. Yo‘l chetidagi bekatda esa o‘sha yigit hamon turibdi. U keyingi avtobus kelishini kutyaptimi yoki qalbiga sanchilgan nigohlar og‘rig‘i bosilishinimi? Bu savolning javobini esa hech kim bilmaydi.
Mohichehra ESHMIRZAEVA,
O‘zA muxbiri