Hazrati Imom majmuasiga press-tur
10 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistlar uchun Hazrati Imom majmuasiga press-tur uyushtirdi.
Xalqimiz ma’naviy merosining uzviy qismi bo‘lgan Hazrati Imom (Hastimom) me’moriy majmuasi musulmonlar olamida katta obro‘-e’tibor qozongan tabarruk maskanlardan biri hisoblanadi. Majmua tarkibidagi Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, Tilla Shayx va Namozgoh masjidlari kabi tarixiy obidalar xalqimiz tomonidan asrlar davomida asrab-avaylab kelinmoqda.
Bu qutlug‘ dargoh diyorimizda muqaddas islom dini va uning insonparvarlik g‘oyalarini keng yoyishda yirik ilmiy-ma’rifiy markaz bo‘lib xizmat qilayotir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Qur’oni karimning eng qadimiy va mo‘’tabar nusxalaridan biri bo‘lgan Usmon Qur’oni, shuningdek, ko‘plab noyob qo‘lyozmalar jahon jamoatchiligining e’tiborini o‘ziga tortib kelmoqda.
Hazrati Imom majmuasining tariximiz, ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, uning asl tarixiy qiyofasini tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, majmuaning infratuzilmasi har tomonlama takomillashtirildi.
Davlatimiz tomonidan yurtdoshlarimizning e’tiqod erkinligini ta’minlash, ularga diniy amallarni emin-erkin bajarish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. So‘nggi yillarda o‘nlab masjidlar, diniy o‘quv yurtlari ochildi.
Majmuadagi Hazrati Imom jome’ masjidi yurtimizdagi eng yirik masjid hisoblanadi. Bu yerda ayvoni bilan qo‘shib hisoblansa, bir paytning o‘zida 6 mingga yaqin kishi namoz o‘qiy oladi.
Masjidning orqasidan Baroqxon madrasasigacha cho‘zilgan maydonda kamida yigirma ming kishi hayit namozlarini ado etishi mumkin.
Jurnalistlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti faoliyati bilan ham tanishtirildi. Yaqinda 50 yilligi nishonlanadigan mazkur dargohda islom olamida katta obro‘ qozongan olimlar ta’lim olgan.
Institutning beshta kafedrasida 700 ga yaqin talaba ta’lim olmoqda.
Shundan keyin jurnalistlar Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon, Mo‘yi muborak madrasalari bilan tanishdi.
– Toshkentga kelgan sayyoh Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilmay ketmaydi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov. – Hozir majmuada Qur’oni karimning eng qadimiy noyob nusxasi saqlanadi. Davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurganida majmuada Usmon mushafiga yarasha markaz qurish kerakligini ta’kidlagan edi. Hozirgi kunda bu maskan yonida Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. Uning ichida Usmon mushafi saqlanadigan alohida katta muzey tashkil etiladi.
Kuni kecha Prezidentimiz turizm bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizdagi madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, allomalarimizning qadamjolarini ziyorat maskanlariga aylantirish, xorijdan ziyoratchilarni keng jalb qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu ishlar yurtimizda ziyorat turizmi targ‘ibotini kuchaytirishda muhimdir.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA