Hayvonot bog‘ida yozilgan hikoya
Deyarli barcha hikoyalarimni stol-stul yoki xontaxtada yozganman.
Bu hikoyani esa hayvonot bog‘idagi temir kursiga o‘tirib yozishga majbur bo‘ldim. Shunday qilmasam, hozirgina o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib, tasavvurimda shakllangan voqealar zum o‘tmay xotiramdan o‘chib ketardi.
Hayvonot bog‘iga kiraverishdagi maymunlar saqlanadigan xonadagi ikki maymun e’tiborimni tortdi. Nazoratchining aytishicha, biri erkak, ikkinchisi ayol maymun ekan. Urg‘ochi maymunning xafaligi sababini so‘raganimda: “Bularni bir katakka solib qo‘yganimizga, ya’ni oila qurishganiga ancha yil bo‘ldi, hanuzgacha farzandlari yo‘q. Shunga ayol maymun biroz xomush”, dedi nazoratchi.
Erkak maymunning sochlari to‘kilib, tanasidagi tuklari ham sarg‘ish tusga kirib qolgan. Ayolining ma’yus ko‘zlari, qorachiqlaridagi qotgan ifodasizlik odamni o‘ziga tortadi. To‘rtburchak shakldagi idishda turli mevalarning bo‘laklari...
Erkak maymun idishdagi mevalardan bir bo‘lagini olib yemoqchi bo‘ldi, ammo yana uni joyiga qo‘ydi. Sezdim, ayolining tuz totmayotgani uchun unga ham mevalar tatimayapti. Ayol maymunning oyoq-qo‘llari loy, xas-xashak bo‘lakchalari tirnoqlariga yopishib qolgan. Ammo u bunga e’tibor ham bergani yo‘q. Katak ichida maymunlar sakrab o‘ynashi uchun baland-baland sun’iy daraxtlar ham bor. Irmoqni eslatadigan hovuzchada toza suv jildirab oqib turibdi. Ammo ayol maymun kirlangan oyoqlarini unga botirib olishni istamaydi. Atrofda tomoshatalab odamlarning hech biri uning e’tiborini tortmaydi. Kimdir mazaxlab meva po‘choqlarini otsa, kimdir rasmga olish niyatida o‘ziga qaratish uchun hushtak chaladi. Ayol maymun esa jimgina, hissiz, o‘ysiz o‘tiradi...
Bir payt maymunlar tomonga yugurgilab kelayotgan uch yoshlar atrofidagi bolakay turtinib ketib yo‘lakka yiqilib tushdi. Onasi kelib bolakayni jahl bilan yerdan ko‘tarib olib, boshiga bir tarsaki tushirdi:” Men senga yugurma, yiqilasan, deb necha marta aytdim. Quloq solmading, ahmoq”. Bolakay yanayam qattiqroq yig‘lab yubordi. Shu payt ayol maymun o‘rnidan turib, katak ichida turli qiliqlar qila boshladi. Bolakay katak tomon qo‘llarini cho‘zib, unga tomon intildi. Maymun esa g‘alati tovushlar chiqarib, tinmay u yoqdan bu yoqqa yugurar, xuddi o‘zining bolasini erkalatayotgandek ajabtovur qiliqlar qilardi.
Judayam ajoyib holat edi. Insonning xo‘rlangan bolasini maymun ovutardi. Bolasini ko‘tarib olgan onaning qo‘lida telefon, u kim bilandir suhbatlashish bilan ovora. Shu payt tomoshabinlar tomonidan otilgan bir dona sabzi ayol maymunning boshiga kelib tushdi. Sezdim, u ingragan holatda boshini siypalab qo‘ydi. Zarb bilan otilgan sabzi boshini og‘ritgan. Ammo u bunga e’tibor bermadi. Sezishimcha, odamlarning hayvonlarga bunday munosabatiga o‘rganib qolgan chog‘i. Tepadagi daraxt ustida o‘tirgan erkagining ayoliga mehr ko‘rsatgisi kelib qoldi. Pastga tushib, idishdagi bir bo‘lak olmani ayoliga uzatdi. U ham minnatdor holatda olmani olib og‘ziga soldi. Erkak maymun yanayam ayoliga yaqinroq kelib, uning tanasidagi bitlarini tera boshladi. Ayol esa qiqirlab kulardi. Ayolning kulgisidan erkakning zavqi oshib, sho‘xligi ortdi. Idishchadagi suvni ayolining boshidan quyib yubordi. Ayol esa erini quvlay boshladi. Daraxtning eng uchiga chiqib olgan eriga yetib olganida erkak maymun ayolini mahkam bag‘riga bosib, quchib oldi.
Hayvonot bog‘ini aylanib bo‘lgach, kenjatoy o‘g‘lim ikkalamiz uyga qaytdik. Avtobusda ketayapmanu xayolimda bolasini bag‘riga bosib, uning mayda bitlarini terishdan rohatlanayotgan ona maymun qiyofasi gavdalanaveradi...
Nigora Rahmonova, O‘zA