Hayotda izlanib, intilib yashash lozim
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Pozagari mahallasida Shahnoz zardo‘zni bilmagan kishi bo‘lmasa kerak. 32 yoshni qarshi olgan Shahnoza zarga teng hunarini bolalik vaqtida onasidan o‘rgangan.
Nogironligi bo‘lsa-da, mahalla qizlariga hunar o‘rgatib kelayotgan Shahnozaga harakatlari faollashishi, ko‘chaga chiqib, jamoatga aralashishi uchun tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan elektron aravacha berildi. Shu bilan bir qatorda, sog‘ligini tiklash, davolanishi uchun ham moddiy yordam ajratildi.

– Bolalikdan nogironligim bor, lekin bu imoniyatim cheklangan degani emas. Chunki, hunarim orqali ham jamiyatga foydam tegyapti, ham daromad topyapman. Hayotda intilishni, izlanishni afzal ko‘raman. Maqsadlarim mahallada zardo‘zlik sexi ochish. Buxoroning an’anaviy qadriyatini kelajak avlodga yanada boyitib, sayqallab, yetkazish, – deydi Shahnoza.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri