Hay‘at tahrir ash-Shom haqida nimalar ma’lum?
Oxirgi yillarda Suriyaga tinchlik qaytayotgandek edi. Afsuski, tashqi kuchlar yoki ichki guruhlar “sardorlari” zerikib qolgan-mi, yana istilo boshlandi.
Hozir Halab va Idlib shaharlarini egallab olgan, ushbu arab davlatida yuzaga kelgan ichki inqirozdan, harbiy salohiyatidagi kemtiklikdan foydalanib, poytaxt Damashqni ham qo‘lga olish ehtimoli yiroq bo‘lmagan jangarilar guruhi haqida so‘z yuritamiz.
“Hay‘at tahrir ash-Shom” (HTS) asosiy maqsadi hududda islomiy davlat tuzish bo‘lgan harbiy-siyosiy guruhdir.
Tarix
2016 yil yanvarda, Suriyadagi fuqarolar urushi asnosida tashkil etilgan “Hay‘at tahrir ash-Shom” dastlab Al-Qoida bilan bog‘liq harbiy tuzilma sanalgan “Jabhat al-Nusra”dan ajralib chiqqan. Asta-sekin faoliyatini kengaytirishga intilib, mustaqil siyosat yuritishni maqsad qilgan. 2017 yil HTS turli isyonchi guruhlarni birlashtirib, ancha kuchayishga muvaffaq bo‘ldi.
Sabablar
HTS tuzilishi bir necha omilga bog‘liq:
1. Guruhlararo raqobat. Ichki urushlar tufayli ko‘plab isyonkor guruhlar o‘rtasida kuchaygan raqobatni bartaraf etish uchun birlashish zarur edi.
2. Xalqaro bosim. Boshqa guruhlar xalqaro miqyosda tan olinmagani bois, HTS yangi tashkilot sifatida mustaqil faoliyat yuritishni ko‘zlab, paydo bo‘lgan imkoniyatdan unumli foydalangan.
3. Qo‘llab-quvvatlanish. Mahalliy aholi o‘z hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun kuchli harbiy guruhlarga ehtiyoj sezdi. Bunday sharoitda HTS odamlar ishonchiga kirishni uddaladi.
Faoliyat
“Hay‘at tahrir ash-Shom” asosan quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi:
1. Harbiy faoliyat. HTS jangchilari Suriya hukumatiga qarshi kurashadi, ko‘pincha boshqa isyonchi guruhlar bilan hamkorlik qiladi.
2. Ijtimoiy xizmat. Guruh nazorati ostidagi hududlarda sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ijtimoiy xizmatlar taqdim etish orqali mahalliy aholi ishonchini qozonishga intiladi.
3. Islomiy qonunlar joriy etish. Guruh islom dini asoslariga tayangan holda siyosat yuritishini da’vo qiladi. Bu muayyan hududlardagi fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanish imkonini beradi.
4. Xalqaro munosabat. Xalqaro miqyosda tan olinmagan bo‘lsa-da, HTS mintaqaviy kuchlar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda.
Xullas, “Hay‘at tahrir ash-Shom” Suriya ichki tizimida muhim o‘rin egallagan harbiy-siyosiy guruhdir. Tuzilma tarixi va faoliyatini o‘rganish asnosida zamonaviy dunyo ekstremizmi va radikalizmi xususiyatlarini anglashga yordam beradigan unsurlarni uchratish mumkin. Zero, turli mahalliy va mintaqaviy ziddiyatlar doirasida bunday guruhlar shakllanishi, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib faoliyat yuritishi bugungi kunda zamonaviy global siyosiy jarayonlarning ajralmas bo‘lagiga aylangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA