Havaskor velosportchilar musobaqasi
Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan havaskor velosportchilar o‘rtasida an’anaviy “Kasaba-tur” respublika velomarafoni o‘tkazildi.
Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan havaskor velosportchilar o‘rtasida an’anaviy “Kasaba-tur” respublika velomarafoni o‘tkazildi.O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida velosport ham tobora ommalashib borayotganini ta’kidladi.
Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlangan an’anaviy “Kasaba-tur” velomarafoni uch bosqichda tashkil etilib, ularda mamlakatimizning barcha hududlaridagi 24 mingga yaqin korxona, tashkilot va muassasada mehnat qilayotgan uch million ikki yuz mingdan ziyod havaskor sportchi qatnashdi.
Poytaxtimizda tashkil etilgan velomarafonda Shuhrat Kamolov, Alijon Esonqulov, Abdurasul Nazarov, Jamshid Nurmuhammedov, Yuriy va Maksim Kurshinlar, Nafisa Mo‘minova, Dilbar Mutalova, Aziza Karimova, Gulsara Aldasheva, Irina Lukmenko, Dilfuza Allayorova, Ma’mura Jalilova o‘z yosh toifasida shohsupaga ko‘tarildi. Shuningdek, velomarafonda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
– Mazkur velomarafon aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Toshkent shahridagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi M.Jalilova. – Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani va yirik musobaqalar tashkil etilayotgani aholi salomatligini yanada mustahkamlashga, yoshlarni har tomonlama sog‘lom etib voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.