Harbiylar yoshlar bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda harbiy xizmat faxriylari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyati Kengashi mutaxassislari ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
Suhbatda yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va jamiyat hayotida faol ishtirok etish ruhida tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida respublika miqyosida amalga oshirilayotgan “Yo‘lovchi” loyihasi mazmun-mohiyati ham tushuntirildi. Yoshlarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, piyodalar uchun belgilangan yo‘laklardan to‘g‘ri foydalanish va yo‘lni kesib o‘tishda ehtiyotkor bo‘lish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Xususan, piyodalar o‘tish joyidan foydalanishda haydovchilar e’tiborini jalb qilish maqsadida qo‘l ko‘tarib o‘tish tashabbusi haqida ma’lumot berildi. Uchrashuvda yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, piyoda va haydovchilar o‘rtasida o‘zaro hurmatni qaror toptirish, yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-31480]
Tadbir davomida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kutubxona va muzeylarga tashriflar ham tashkil etildi. Bu jarayonda ularning tarix, milliy qadriyatlar va ajdodlar merosi haqidagi bilimlarini boyitishga alohida ahamiyat berildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA