Harbiylar faxrimiz, g‘ururimiz
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 14 yanavar – “Vatan himoyachilari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Jamiyat boshqaruvi raisi v.b. X.Hosilov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasining rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
– Sizlarni, sizlar orqali yurtimizning barcha harbiylarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” bilan chin yurakdan muborakbod etaman, – dedi X.Hosilov.

– Ushbu qutlug‘ ayyom, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. bugungi kunda Prezidentimiz boshchiligida Yangi O‘zbekistonimiz uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish maqsadida yuksak taraqqiyot, istiqbolli rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Barcha sohalarda yangi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, tarixiy yangilanishlar va beqiyos bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan barcha harbiy faoliyatlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazining bilimli va o‘z kasbiga sadoqatli harbiy xizmatchilari alohida faollik ko‘rsatmoqda. Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga tog‘dek tayanch bo‘lib turgan buyuk ma’naviy kuchni ko‘ramiz.

bugungi ulug‘ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Jonajon O‘zbekistonimizning yanada taraqqiy etishida shijoat va mehnatsevarlik, qat’iyat va mardlik kabi fazilatlaringiz sizlarga doimo hamroh bo‘lsin. Bayramingiz muborak bo‘lsin.
Shundan so‘ng tadbirda “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Unda temir yo‘l tizimida harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar, harbiy texnikalarni vagonlarga ortish va tushirish hamda dala o‘quv maydonlaridagi harbiy mashqlar ko‘rsatildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o‘tkazilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligining yanada ishonchli himoyasi ta’minlanmoqda, – deydi Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi boshlig‘i Sirojiddin Saydaxmedov.
– Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalovchi muhim institutga aylandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahnamoligi ostida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli dala-o‘quv maydonlarida harbiy texnikalarni yuklash va tushurish uchun o‘quv nuqtalari tashkil etildi hamda 2021 yil mobaynida transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi shaxsiy tarkibi boshchiligida 86 marotaba amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b X.Hosilovning buyrug‘i bilan Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasining fidoyi rahbar va xodimlari qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi boshlig‘i Sirojiddin Saydaxmedovga esa “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi tantanali tarzda topshirildi.
Bayram tadbirida harbiylar ham so‘zga chiqib O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faoliyati va taraqqiyotida temir yo‘l tizimining katta hissasi borligini alohida e’tirof etdi.
Darhaqiqat, temir yo‘l sohasida mehnat qilib, Vatanni himoya qilishdek murakkab, ayni paytda mas’uliyatli burchni sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtiga sadoqatli dovyurak harbiylarimiz bilan har doim faxrlanamiz.
Rustam HAYDAROV